Ilgari tarqoq bo‘lgan Markaziy Osiyo umumiy maqsadlar yo‘lida birlashmoqda – Shavkat Mirziyoyev

Jamiyat

image

Ilgari tarqoq bo‘lgan Markaziy Osiyo bugungi kunda birgalikdagi sa’y-harakatlar natijasida taraqqiyotning umumiy maqsadlari yo‘lida birlashmoqda. Bu haqda bugun, 31 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvida so‘z ochdi.

“Bugun biz davlatlarimiz mustaqilligining 35 yillik bayramlarini nishonlash arafasida yig‘ilib turibmiz. Shu yillar mobaynida har bir mamlakat davlatchilikning shakllanishi, iqtisodiy o‘sish va milliy tiklanishning o‘ziga xos va betakror yo‘lini bosib o‘tdi.

Ilgari tarqoq bo‘lgan Markaziy Osiyo bugungi kunda birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz natijasida taraqqiyotning umumiy maqsadlari yo‘lida birlashmoqda”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston yetakchisining aytishicha, shu bilan birga, murakkab va oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan bugungi xalqaro voqelik yanada qat’iyat bilan harakat qilishni va yanada yaqin muvofiqlashtiruvni talab etmoqda.

Ozarbayjonning Maslahat uchrashuvlari formatiga qo‘shilishi o‘zaro hamkorlikni sifat jihatidan yangi – makromintaqaviy darajaga olib chiqmoqda.

“Biz uchun Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va yaqin qo‘shnimiz – Afg‘onistonni birlashtiruvchi yagona taraqqiyot makonini shakllantirish borasida tarixiy imkoniyat ochilmoqda. Ushbu vaziyatdan to‘liq foydalanib, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan Yevroosiyoning qoq yuragida barqaror rivojlanish, o‘zaro bog‘liqlik va yaxshi qo‘shnichilik uchun mustahkam poydevor yaratishimiz zarur”, deydi O‘zbekiston Prezidenti.

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Cho‘lponotada bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvi majlisida Markaziy Osiyo mamlakatlari xavfsizlikning yangi tahdidlariga birgalikda qarshi turishi va mintaqaning energetik mustaqilligini mustahkamlashi zarur ekanini aytgan edi. Shuningdek, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Markaziy Osiyo o‘z tarixidagi eng muvaffaqiyatli davrni boshdan kechirayotganini bildirdi. Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov esa joriy yilning 8 oktyabr kuni Turkmanistonning “Avaza” milliy sayyohlik hududida Markaziy Osiyo yetakchilari va Ozarbayjon rahbarining maslahat uchrashuvini o‘tkazilishini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing