Ilhom Aliyev Dmitriy Medvedevga norozilik xatini yo‘lladi

Olam

image

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Rossiyaning sobiq Prezidenti va sobiq Bosh vaziri Dmitriy Medvedevga norozilik maktubini yo‘lladi

Gap shundaki, Rossiya Davlat dumasi deputati, hukmron “Yagona Rossiya” partiyasi a’zosi Vitaliy Milonov Yangi yil bayrami munosabati bilan Rossiya tinchlikparvar kuchlari vaqtincha joylashgan Ozarbayjon hududiga noqonuniy ravishda borgan va u yerda bir qator uchrashuvlar o‘tkazgan. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, uning bu harakati Ozarbayjon rahbariyatining keskin noroziligiga sabab bo‘lgan. 

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev “Yagona Rossiya” partiyasi raisi – sobiq Prezident va va sobiq Bosh vazir Dmitriy Medvedevga maktub yo‘llab, unga o‘zi rahbarlik qilayotgan partiya a’zosining Ozarbayjon hududiga noqonuniy tashrifi munosabati bilan  keskin norozilik bildirgan va tezkor choralar ko‘rishini so‘ragan. 

Qorabog‘ urushi va rossiyalik askarlar

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 27 sentyabr kuni Armaniston va Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlarni boshlagandi. Har ikki tomon ham bir-birini tashviqotda ayblab, to‘liq yoki qisman harbiy safarbarlik e’lon qilgandi. Ikki tomon o‘rtasida davom etgan 44 kunlik urushda Turkiyaning yordami bilan Ozarbayjonning qo‘li baland keldi. 

O‘sha yilning 9 noyabr kuni Rossiya va Ozarbayjon Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev hamda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladilar. 

Bayonotga ko‘ra, Armaniston va Ozarbayjon egallab turgan pozitsiyalarida to‘xtadi, keyin bir qator tumanlar Baku nazorati ostiga o‘tishi belgilandi. Sulhga ko‘ra, tomonlar o‘zaro asirlar, yaradorlar va halok bo‘lganlarning jasadlarini almashishni boshladi. 

Shuningdek, 1960 kishidan iborat Rossiya tinchlikparvar kuchlari aloqa liniyasi va Qorabog‘ni Armaniston bilan bog‘laydigan Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirildi.  

Keyinchalik, Rossiya harbiylari Tog‘li Qorabog‘da tinchlikparvar kuchlar nazoratidagi hududlarda minalardan tozalash ishlarini davom ettirayotgani xabar qilindi. 

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiya qo‘shinlari Qorabog‘da besh yildan ko‘proq qolishidan umidvorligini bildirdi. Pashinyan TASS nashriga bergan intervyusida ushbu besh yillik davr nimaga asoslanib belgilangani va shu vaqt ichida nimalar qilish kerakligi haqida gapirdi.  

Pashinyanga ko‘ra, Rossiya tinchlikparvar kuchlari mintaqada xavfsizlik va barqarorlik kafolatlarini yaratishi zarur. Uning qo‘shimcha qilishicha, RTKning Tog‘li Qorabog‘da bo‘lish muddati besh yil bilan cheklanib qolmaydi.

Hozirgacha Ozarbayjon Mudofaa vazirligi chegarada Armaniston tomonidan provokatsiyalar amalga oshirilayotgani va unda harbiylar qurbon bo‘layotgani haqida xabarlar e’lon qilmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Aliev Dmitriy Medvedev

Baholaganlar

410

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing