Ilhom Aliyev bor-yo‘g‘i 2-3 soatga Turkiyaga keldi
Olam
−
25 fevral 2023
12021Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bugun, 25 fevral kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashish uchun bor-yo‘g‘i 2-3 soatga Istanbulga keldi.
Yig‘ilishda Prezident Ilhom Aliyev o‘zi va Ozarbayjon xalqi nomidan Turkiyadagi zilzila oqibatida halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga hamda qardosh turk xalqiga chuqur hamdardlik bildirdi. Jarohatlanganlarga tezxroq sog‘ayib ketishlarini tiladi. Ozarbayjon xalqini chuqur larzaga solgan ushbu fojiadan juda qayg‘uda ekanligini ta’kidladi.
Ozarbayjon va Turkiya ham quvonchli, ham qayg‘uli kunlarda hamisha bir-biriga yaqin ekanini qayd etgan Prezident Ilhom Aliyev, Baku ushbu fojianing birinchi kunidanoq qardosh Turkiyani qo‘llab-quvvatlab kelayotganini ta’kidladi. Davlat rahbari zilzila oqibatlarini bartaraf etish maqsadida bundan buyon ham insonparvarlik yordami ko‘rsatilishiga e’tibor qaratdi. Ozarbayjon Prezidenti qardosh Turkiya ushbu zilzila oqibatlarini tez orada bartaraf etishiga ishonch bildirdi.
Rajab Toyib Erdo‘g‘an Aliyevga Turkiyaga tashrifi, birinchi kundanoq Ozarbayjon tomonidan ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlash va birdamlik uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham qardosh Turkiya va Ozarbayjon bilan doimo bir-biriga yaqin ekanini ta’kidladi.
Turkiya Prezidenti Ozarbayjon tomonidan yuborilgan insonparvarlik yordamini yuqori baholadi va buning uchun minnatdorlik bildirdi.
Suhbat chog‘ida Ozarbayjon va Turkiya o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, savdo-iqtisodiy, energetika, harbiy va harbiy-texnikaviy sohalardagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilingan.
Davlat rahbarlari, shuningdek, Armaniston va Ozarbayjon munosabatlarini normallashtirish va tinchlik kun tartibi yuzasidan fikr almashgan.
Prezident Ilhom Aliyev Rajab Toyib Erdo‘g‘anni yaqinlashib kelayotgan tug‘ilgan kuni bilan tabriklagan.
Ilhom Aliyev shu kunning o‘zida tashrifni yakunlab, Bakuga jo‘nab ketgan.