Ikkinchi “MO-Germaniya” sammiti Markaziy Osiyoda bo‘ladi
Olam
−
30 Sentabr 2023
4575Markaziy Osiyo yetakchilari va Germaniya kanslerining ikkinchi sammiti 2024 yilda Markaziy Osiyo davlatlaridan birida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda rahbarlarning birinchi sammiti yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma bayonotda ma’lum qilindi.
“Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari kanslerga Berlindagi uchrashuvni tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirdi. Davlat rahbarlari kelgusidagi aloqalarni rivojlantirishga kelishib oldi va 2024 yilda Markaziy Osiyo davlat rahbarlari va Germaniya Federal kanslerining navbatdagi uchrashuvini Markaziy Osiyoda tashkil etish taklifini olqishladi”, deyiladi qo‘shma bayonotda.
Shuningdek, yetakchilar yadro qurolidan xoli zonalarning qo‘shnilar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash, tinchlik va hamkorlikka ko‘maklashish, yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq global yadroviy qurolsizlanish va tarqalmaslik arxitekturasini mustahkamlashning noyob mintaqaviy mexanizmlari sifatidagi muhim rolini ta’kidlagan. Shu nuqtai nazardan, davlat rahbarlari 2006 yilda Markaziy Osiyoda Shimoliy yarim shardagi birinchi yadro qurolidan xoli hudud yaratilganini eslatgan.
Ma’lumot uchun, kecha, 29 sentyabr kuni Berlinda bo‘lib o‘tgan birinchi Markaziy Osiyo-Germaniya sammitida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ham qatnashgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 sentyabr kuni Nyu-York shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari yetakchilarining “C5+1” formatidagi birinchi sammiti bo‘lib o‘tgandi. Unda AQSH, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Prezidentlari qatnashgandi. Tadbir so‘ngida AQSH Prezidenti Jo Bayden Markaziy Osiyo davlatlaridan biriga kelishni rejalashtirayotganini aytgandi.