Ikki erkak Usmonxon Alimov bilan uchrashishni talab qildi va Musulmonlar idorasi xodimlarini haqoratladi
Jamiyat
−
09 aprel 2019
23906Toshkent shahrida jamoat tartibini buzgan va ichki ishlar organi xodimlarining qonuniy talabini bajarmagan ikki erkak javobgarlikka tortildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati xabar berdi.
Kecha, 8 aprel kuni taxminan soat 11:00 da Toshkent shahar IIBBga O‘zbekiston Musulmonlar idorasidan ikki nafar noma’lum shaxslar jamoat tartibini buzganliklari to‘g‘risida ma’lumot kelib tushgan. Voqea joyiga yetib kelgan ichki ishlar organlari xodimlari Idora raisi muftiy Usmonxon Alimov bilan uchrashuvni tashkillashtirishni qo‘pol tarzda talab qilayotgan ikki nafar erkak kishini to‘xtatgan.
O‘zbekiston Musulmonlar idorasi ishchilarining ma’lum qilishlaricha, Usmonxon Alimov xizmat safarida bo‘lganligi sababli, idoraga kelgan ikki nafar erkaklar bilan Idora raisining o‘rinbosari Abdulaziz Mansur uchrashgan. Ammo ular rais o‘rinbosari bergan javoblardan qoniqmasdan, idora xodimlariga qaratilgan turli xil haqoratomus o‘xshatishlar bilan o‘z talablarini izhor etishda davom etgan.
Bundan tashqari, o‘zlarining har bir harakatlarini ular mobil telefonga ijtimoiy tarqmoqlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatib videoga olishgan. Ichki ishlar xodimlarining jamoat tartibini buzishni to‘xtatish va O‘zbekiston Musulmonlar idorasi xodimlari bilan konstruktiv suhbatga o‘tish to‘g‘risidagi qonuniy talablariga ikki nafar erkaklar qat’iy rad javobini bergan. Shu munosabat bilan ularga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzilgan.
Olmazor tumani ma’muriy ishlar bo‘yicha sudi ushbu fakt bo‘yicha to‘plangan materiallarni o‘rganib chiqib va tomonlar fikrlarini eshitib, 43 yoshli muqaddam bir necha bor sudlangan (shular qatorida firibgarlik uchun ham) R.K. va 47 yoshli A.T.ni O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183- (“Mayda bezorilik”) va 194-moddalarida (“Militsiya xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topgan.
LiveBarchasi