Ikki erkak qurilish qurboni bo‘ldi

3-sahifa

11 oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan 14:21 da Toshkent shahar Uchtepa tumanida baxtsiz hodisa yuz berdi. Oqibatda 2 kishi hayotdan ko‘z yumdi, yana bir kishi esa shifoxonaga joylashtirilgan. 

Gap shundaki, shu kuni Beshqayrag‘och ko‘chasida oqova suvlari uchun mo‘ljallangan chuqurlik qazish ishlari olib borilayotgandi. Ammo jarayonda o‘pirilish sodir bo‘lgan va voqea joyida ish olib borayotgan 3 nafar “Shafoat” mas’uliyati cheklangan jamiyat xodimlari tuproq ostida qolib ketgan. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, baxtsiz hodisa vaqtida jamiyatning 5 nafar xodimi ishlayotgan bo‘lgan. Ularning ikki nafariga ziyon yetmagan va uylariga javob berilgan, ammo 3 nafari tuproq ostida qolib ketgan. Voqea joyiga Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash boshqarmalari xodimlari yetib kelgan. FVBning 2 ta qutqaruv otryadidan 16 nafar xodim qutqaruv ishlariga jalb qilingan. Ammo tuproq ostidan chiqarib olingan odamlarning 2 nafari allaqachon jon bergan edi. Tirik qolgan 1 nafar xodim ham ayni paytda shifoxonada. 

Shu kunning o‘zida tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan. Keyinroq ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ'ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

"Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 257 (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) va 258-moddalari (Tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda", dedi u.

Hozircha vafot etgan va jabrlangan xodimlarning oilasiga to‘lab berilishi kerak bo‘lgan kompensatsiya miqdori haqida gapirilmadi. Mehnat kodeksining 192 va 194-moddasida xodim mehnat vazifalarini bajarishi sababli vafot etsa zarar to‘lanishi shartligi, xodimning vafoti munosabati bilan ish beruvchi tomonidan bir yo‘la beriladigan nafaqaning miqdori marhumning olti yillik o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lmasligi belgilangan. Ushbu baxtsiz hodisa oqibatida vafot etgan va yaralangan xodimlarga to‘lanadigan pul miqdori esa tergov ishlari yakunlangach, ma’lum qilinadi.

So‘nggi vaqtlarda mamlakatda qurilish va ta’mirlash sohasi, shuningdek, mehnat xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslik bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar ko‘p sodir bo‘lmoqda. Ta’mirlanayotgan ko‘prik va yangi qurilayotgan yer usti metrosining qulab tushishi hamda “Suvsoz” xodimlarining zaharlanib, vafot etishi shular jumlasidandir. Ushbu ma’lumotlar esa mehnatni muhofaza qilish tizimi va qurilish sohasini isloh qilish kerakligidan dalolat beradi.

Ish vaqtida xavfsizlik qoidalariga amal qilishni va e’tiborli bo‘lishni unutmang! Voqealar rivojini QALAMPIR.UZ'da kuzatib boring.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent shahar Uchtepa tumani

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing