Ixtiyor Abdullayev qaysi jinoyatlarga qo‘l urgani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
08 may 2021
60523O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev 2019 yilning sentyabr oyida 18 yilga qamalganidan xabaringiz bor. Biroq, bugungacha u jinoyat kodeksining qaysi moddalari bilan ayblangani ma’lum qilinmagan edi.
O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov QALAMPIR.UZ bilan suhbatda Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelgan payti qamalgan sobiq Bosh prokuror Rashid Qodirov va Davlat xavfsizlik xizmati sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev bilan uchrashganini ma’lum qildi. Uning qayd etishicha, Ixtiyor Abdullayev Jinoyat kodeksining 242- (Jinoiy uyushma tashkil etish) va 301-moddalari (Hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi) bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan.
"Ixtiyor Abdullayevning hujjatlarini ko‘zdan kechirdim. Unda Jinoyat kodeksining 242-modda (Jinoiy uyushma tashkil etish) va 301-moddalar (Hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi) bilan javobgarlikka tortilgani yozilgan edi".
2019 yilning iyun oyida O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq raisi Ixtiyor Abdullayevga qarshi jinoyat ishi ochilgani ma’lum qilingandi.
Ixtiyor Abdullayev 2018 yilning 31 yanvaridan 2019 yilning fevraliga qadar DXXga rahbarlik qilgan. U sog‘lig‘i yomonlashgani tufayli o‘z arizasiga binoan lavozimdan ozod etilgani aytilgandi.
Keyinroq, u poraxo‘rlikda ayblandi. Mazkur ish bo‘yicha jami 10 ga yaqin mansabdor tergov qilinayotgani xabar qilingandi. Ularning orasida Oliy sud raisi o‘rinbosari Bahodir Dehqonov ham bo‘lgan.
Iyul oyida boshlangan sud ishi sentyabr oyiga kelib tugadi. Hukmga ko‘ra, Ixtiyor Abdullayev jinoiy uyushma tashkil etib, mansab vakolatini suiste’mol qilib, uyushgan guruh va jinoiy uyushma manfaatlarini ko‘zlab, juda ko‘p miqdorda pora olish, O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish, tovlamchilik, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish, bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish va shu kabi bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, jinoyatlar majmui tariqasida 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Shuningdek, sudning hukmi bilan: DXX raisining sobiq o‘rinbosari Jahongir Egamov 16 yil, DXX raisining sobiq maslahatchisi Alisher Ishanxodjayev 17 yil, Toshkent shahar prokurorining sobiq o‘rinbosari Yorkin Abdullayev 14 yil, Adliya vazirligi Kadrlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Yusufboy Xodjayev 8 yil, Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari G‘ayrat Xidoyatov 5 yil, Oliy sud raisining sobiq o‘rinbosari Baxodir Dehqonov 5 yil, Namangan viloyatining sobiq prokurori Ulug‘bek Toshevga 5 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanib, har biri muayyan muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindilar.
LiveBarchasi