Ixtiyor Abdullayev 18 yilga qamaldi
Jamiyat
−
27 Sentabr 2019
22539Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq raisi Ixtiyor Abdullayevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish bo‘yicha sud yakuniga yetdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ushbu jinoiy ish bo‘yicha sud hukmini e’lon qildi.
Ma’lumot o‘rnida, Ixtiyor Abdullayevga nisbatan sud ishi joriy yilning iyul oyida boshlangan edi.
Ikki oydan ortiq davom etgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilarning, uch yuzdan ortiq jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari tinglanib tahlil qilindi, dastlabki tergov organi tomonidan to‘plangan dalillarga baho berilib, sudlanuvchilarning vajlari tekshirildi.
Natijada, Ixtiyor Abdullayev jinoiy uyushma tashkil etib, mansab vakolatini suiste’mol qilib, uyushgan guruh va jinoiy uyushma manfaatlarini ko‘zlab, juda ko‘p miqdorda pora olish, O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish, tovlamchilik, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish, bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish va shu kabi bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, jinoyatlar majmui tariqasida 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi.
Shuningdek, sudning hukmi bilan: DXX raisining sobiq o‘rinbosari Jahongir Igamov 16 yil, DXX raisining sobiq maslahatchisi Alisher Ishanxodjayev 17 yil, Toshkent shahar prokurorining sobiq o‘rinbosari Yorkin Abdullayev 14 yil, Adliya vazirligi Kadrlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Yusufboy Xodjayev 8 yil, Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari G‘ayrat Xidoyatov 5 yil, Oliy sud raisining sobiq o‘rinbosari Baxodir Dehqonov 5 yil, Namangan viloyatining sobiq prokurori Ulug‘bek Toshev 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlanib, har biri muayyan muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindilar.
Qolgan 15 nafar sudlanuvchilarga ham sodir etilgan jinoyatlarning og‘irlilik va ijtimoiy xavflilik darajasi hamda ularning jinoyatlardagi ishtirokidan kelib chiqib, jazolar tayinlandi.
Bundan tashqari, sud tomonidan jinoyatlar oqibatida davlat, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlariga yetkazilgan moddiy zararlarni qoplashga qaratilgan tegishli choralar belgilandi.
Ma’lumot uchun, Ixtiyor Abdullayev 2018 yilning 31 yanvaridan 2019 yilning fevraliga qadar DXXga rahbarlik qildi.
U 2015 yildan 2018 yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori lavozimida ishlagan. 2010 yildan 2015 yilga qadar Oliy Majlis Senati a’zosi bo‘lgan.
QALAMPIR.UZ’ga ma’lum bo‘lishicha, Ixtiyor Abdullayevni tergov qilish ishlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning kenja kuyovi – Prezident xavfsizlik xizmati raisining birinchi o‘rinbosari – Triatlon federatsiyasi raisi Otabek Umarov tomonidan olib borilgan.
Eslatib o‘tamiz, Ixtiyor Abdullayev ishi O‘zbekiston harbiy sudida ko‘rib chiqilyapti va tamomila yopiq holatda o‘tkazildi.
LiveBarchasi