Iqtisodimiz zo‘r dinamikada ketayotgan edi – Bosh vazir o‘rinbosari
Jamiyat
−
19 aprel 2020
7700O‘zbekiston hukumati tashqi qarzlar olishdan qo‘rqmayapti. Faqat uni oqilona sarflash lozim. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov “Hoshimov iqtisodiyoti” loyihasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Oxirgi 3 yilda O‘zbekistonda misli ko‘rilmagan islohotlar bo‘ldi. Menimcha, aholisiga nisbatan olganda boshqa davlatlar bilan solishtirilsa, butun dunyo bo‘yicha boshqa hech kim haqida bunchalik ko‘p maqolalar yozilmagan bo‘lsa kerak. Turizmdan tortib, energetikagacha va boshqa sohalar bo‘yicha buni ko‘rish mumkin. Biz juda ham zo‘r dinamikada edik. Albatta, qilinadigan ishlar juda ham ko‘p edi. Xatolar ham bo‘lgandir. Lekin buni hamma yaxshi biladiki, judayam zo‘r dinamikada ketayotgan edik. Ming afsuski, jahonda shunday bir balo chiqdi. Endi nima ham qilamiz?!
Siz aytgandek hozir qarz olmay qachon olamiz degan gapga biz ham qo‘shilamiz. Asosiy maqsad davlat rahbarlarining bosh tamoyili iqtisodiy o‘sish, kamabag‘allarni kamaytirishdir. Qarz masalasida uni oqilona ishlatsak va oqilona shartlarda olsak, biz bu qarzlarda muammoli joyini ko‘rmayapmiz”, deydi Bosh vazir o‘rinbosari.
Avvalroq, Jamshid Qo‘chqorov may oyi iqtisodiyotga yana ham og‘irroq kelishi haqida ta’kidlagandi. Unda Bosh vazir o‘rinbosari zarar ko‘rgan sohalar haqida aytib o‘tgan.