Tasvirchini kim do‘pposladi? IIV bahsli munosabat bildirdi
Jamiyat
−
13 iyun 2022
14561Joriy yilning 11 iyun kuni “Sevimli” telekanali “Zamon” dasturi tasvirchisi T.Ibrohimov jurnalist bilan O‘zbekiston-Iroq o‘yinini yoritish uchun “Paxtakor” stadioniga borganida odamlar o‘rtasidagi mushtlashuv jarayonida jarohatlangan. Ichki ishlar vazirligi Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov telekanal tasvirchisini vazirlik xodimlari do‘pposlagani haqidagi xabarlarga javoban shunday munosabat bildirdi. Ammo tasvirchi odamlar orasidagi janjaldan fuqarolardan kaltak yeganmi yoki organ xodimlaridan, bunisiga aniqlik kiritilmagan.
G‘iyosovning ta’kidlashicha, joriy yilning 11 iyun kuni “Paxtakor” stadionida O‘zbekiston-Iroq futbol terma jamoalari o‘yini jarayonida jamoat tartibini saqlashga biriktirilgan Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan soat 21:00 dan keyin, stadionda bo‘sh joylar qolmagani sababli, fuqarolarni stadionga kirishi to‘xtatilgan.
Shu vaqtda, Alisher Navoiy ko‘chasi tarafdan stadionga kirish uchun tashkil etilgan tashqi nazorat perimetrda ayrim fuqarolar norozilik bildirib, stadionga kirishga harakat qilib, janjal uyushtirishgan.
Xodimlar tomonidan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan bezorilik harakatlari zudlik bilan bartaraf etilib, bir nechta fuqarolar tuman IIBga olib borilgan.
“Aniqlanishicha, fuqarolar orasida “Sevimli” telekanali “Zamon” dasturining vakillari ham bo‘lgan hamda odamlar o‘rtasidagi mushtlashuv jarayonida telekanal operatori T.Ibrohimovga tan jarohatlari yetkazilib, texnik ashyolari zarar ko‘rgan. Unga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilib shifoxonaga yetkazilgan”, deydi G‘iyosov.
Shu kuni boshqa fuqarolardan tan jarohati olganligi bo‘yicha ma’lumotlar kelib tushmagan.
Hozirda, holat yuzasidan tekshiruv tayinlanib, jamoat tartibini buzgan fuqarolarni aniqlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
“Zamon” dasturi tomonidan e’lon qilingan xabarda jurnalist tasvirchisini ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari ayovsiz do‘pposlaganini aytgandi. Tasvirchi ham organ xodimlari tomonidan kaltaklangani haqida gapirgan.
Lekin IIV Matbuot kotibi faqatgina jamoat tartibini buzgan fuqarolarni aniqlash bo‘yicha ishlar olib borilayotganini ma’lum qilgan. Jurnalistni kaltaklagani aytilayotgan xodimlarchi, ularni boshqa bir tashkilot aniqlashi kerakmi? Agar OAV xodimlarining kaltaklanishida “pogon”lilarning qo‘li bo‘lmasa, IIV darhol bu yolg‘on deb chiqmasmidi?
Eslatib o‘tamiz, "Paxtakor" stadioni oldidagi mojarodan keyin telekanal tasvirchisi dastlab IIBga, so‘ng "tez yordam" mashinasida Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markaziga olib borilgan. Unga jag‘-tish sinishi tashxisi qo‘yilgan. Telekanalning e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, o‘chirilgan xabariga ko‘ra, tasvirchini 6-7 organ xodimi tepkilagan.
Qayd etish kerakki, bu IIV xodimlari qo‘liga erk berishi bilan bog‘liq so‘nggi oydagi uchinchi holat. Dastlab Samarqandda organ xodimlari qozog‘istonlik sayyohlarga kuch ishlatilib, ularni IIBga olib borgandi. Keyinroq markazda – Toshkentda ikki yosh yigit va qiz IIB xodimlari ularni kaltaklaganini aytib chiqdi. Tasvirchi voqeasi esa uchinchisi bo‘ldi.
LiveBarchasi