IIV Nukusda yigit majburlab xizmat mashinasiga chiqarilayotgani aks etgan videoga izoh berdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Nukus shahrida Ichki ishlar Milliy gvardiya xodimi niqob taqmagan fuqaroni majburlab mashinaga chiqarayotgani aks etgan video tarqaldi. Videoda fuqaro atrofdagi odamlarning yordami bilan organ xodimlaridan qochib ketgani ko‘rinadi. Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati holat bo‘yicha ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, videoda aks etgan holat joriy yilning 14 iyun kuni Nukus shahrida sodir bo‘lgan. 

Turli tashkilotlar xodimlari, jumladan, profilaktika inspektori katta leytenant R.Bekimbetov aholining karantin qoidalariga rioya qilayotganini tekshirib yurib, soat 11:30 larda Nukus shahri “X.Abdambetov” ko‘chasi bo‘yidagi “Eski shahar” mahallasi hududidagi avtoturargoh atrofida tekshiruv ishlari olib borayotgan vaqtlarida, shu yerda to‘xtab turgan, Matiz rusumli taksi avtomashinasi haydovchisi, Nukus shahrida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan fuqaro U.M.ni ko‘rgan. Fuqaro tibbiy niqobini taqmagan va taksi haydovchilari uchun belgilangan maxsus kombinezon kiymagan holda karantin qoidalariga amal qilmay faoliyat olib borayotganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan Sanitariya epidemiologik nazorati davlat inspeksiyasi xodimi surishtiruv olib bormoqchi bo‘lganda, U.M. xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, ularga faol qarshilik ko‘rsatib o‘zining harakatlari bilan shu yerda bo‘lgan boshqa shaxslarning e’tiborini jalb qilgan. Aynan shu holat videotasvirda aks ettirilgan.

Oxir-oqibat vaziyat barqarorlashtirilib, qoidabuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalari bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Hozirda, Nukus shahar IIO FMB huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi tayanch punkti profilaktika inspektori katta leytenant R.Bekimbetovning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

IIV Nukus karantin

Baholaganlar

610

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing