IIV binosi yonidan o‘tgan yerosti kabellaridagi yong‘in sababli davlat xizmatlarida uzilishlar bo‘lmoqda

Olam

image

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi binosi yonidan o‘tgan yerosti kabellarida yong‘in holati kuzatilganligi sababli Davlat xizmatlarida pasport va manzil bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatishda uzilishlar bo‘lmoqda. Bu haqda Adliya vaziri matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva ma’lum qildi.

"Hududiy elektr tarmoqlari" AJ esa bugun, 10 iyun kuni 35/10/6 kVli “O‘zbekiston” podstansiyasidan chiquvchi kabel tarmog‘i shikastlanganini ma’lum qildi. 

"Vujudga kelgan holat bartaraf etilgunga qadar iste’molchilar to‘liq boshqa tarmoqqa o‘tkazilgan bo‘lib, ayni paytda Yakkasaroy tumanining Konstitutsiya va Yunus Rajabiy mahallalari hamda Mirobod tumanining Abdulla Avloniy va At-Termiziy mahallalaridagi aholi iste’molchilari elektr energiyasidan uzilgan", deyiladi xabarda.

O‘z navbatida, Toshkent shahar IIBB bugundan “Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi”da texnik profilaktik ishlar olib borilayotganini e’lon qildi. Bildirilishicha, shu sababli Toshkent shahar IIBB YHXB "Ma’muriy amaliyot" va “Ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi” kompleks avtomatlashtirilgan axborot tizimida  uzilishlar yuzaga kelmoqda.

Uzilishlar quyidagi tizimlarda kuzatilmoqda:

  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga hamda O‘zbekiston Respublikasida doim yashovchi chet el fuqarolariga identifikatsiya ID karta berish;
  • fuqarolarni hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni, shuningdek mamlakatimizda doimiy yashovchi chet el fuqarolarini doim yashash manzili bo‘yicha ro‘yxatga olish; vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish;
  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash manzili hamda vaqtincha turgan manzili bo‘yicha ro‘yxatga olish.

Eslatib o‘tamiz, bugun soat 08:10 da Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi Afrosiyob va Sh.Rashidov ko‘chalari kesishmasi oldida joylashgan yerosti tunnelida elektr simlarini tutashi kuzatilgandi. Voqea joyiga 9 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 08:15 da yetib bordi. Yong‘in soat 09:08 da qurshab olindi va soat 09:15 da bartaraf etildi.  


Maqola muallifi

Teglar

yong'in IIV

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made