Kurs UZS

USD

12 966.38

19.18

EUR

14 213.75

-8.75

RUB

150.23

-3.15

IIBB Chirchiqda o‘limga sabab bo‘lgan janjal ortidan jurnalistlarni ogohlantirdi

3-sahifa

image

Avvalroq, Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida yashovchi 32 yoshli fuqaro spirtli ichimliklar sotuvchi do‘kon egasi bilan janjallashib, jarohat olgani va oqibatda vafot etgani xabar qilingandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa marhumning onasiga o‘g‘li ayol kishini qutqaraman deb janjalga aralashgani va oqibatda o‘zi kaltaklanib, og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga tushgani va o‘sha yerda vafot etganini aytayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ayol ushbu jinoyat ishini huquq-tartibot idoralari ko‘chadagi janjal sifatida ko‘rayotganidan norozi ekani aytildi. 

Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati Ichki ishlar Bosh boshqarmasi boshlig‘ining matbuot kotibi  Bobur To‘laganov munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, joriy yilning 5 mart kuni Chirchiq shahrida 2 nafar fuqaro M.K. va D.X. o‘rtasida spirtli ichimlik oldi-sotdisi ustida janjal yuzaga kelib, M.K.ga og‘ir tan jarohatlari yetkazilgan. Tan jarohati natijasida M.K. keyinchalik shifoxonada vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 3-qismi “d” bandi (jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Joriy yilning 7 mart kuni fuqaro D.X.ga nisbatan ayb e’lon qilinib, “qamoqqa olish“ tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 

“Hozirda OAV va jamoatchilik tomonidan holat yuzasidan turli, haqqoniyligi tekshirilmagan talqinlar e’lon qilinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi “Axborotlashtirish to‘g‘risidagi“ Qonuniga ko‘ra, internet tarmog‘iga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtirilguniga qadar uning to‘g‘riligini tekshirishi lozimligi, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida“gi qonunida, jurnalist o‘zi tayyorlayotgan materiallarining to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi belgilab qo‘yilganligini eslatib o‘tamiz”, deydi To‘laganov.

Uning eslatishicha, Jinoyat kodeksining 239-moddasiga ko‘ra, surishtiruv yoki dastlabki tergov ma’lumotlarini surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorning ruxsatisiz oshkor qilish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

“Hozirda mazkur jinoyat ishi yuzasidan tergov jarayoni ketayotganligini inobatga olib, ijtimoiy tarmoq faollaridan voqea tafsilotlarini bir tomonlama tavsif qilmaslikni va asoslantirilmagan axborot tarqatmasliklarini so‘raymiz”, deydi IIBB matbuot kotibi.


Maqola muallifi

Teglar

Jinoyat IIBB Chirchiq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing