IIB xodimlariga ovoz berish jarayonlariga aralashmaslik tayinlandi (video)

Jamiyat

image

Referendum uchastkasi binolarida xavfsizlikni ta’minlashga jalb etilgan har bir IIB xodimiga – referendum komissiyalari faoliyatiga va ovoz berish jarayoniga aralashmaslik shartlari alohida tushuntirilgan. Bu haqda bugun, 30 aprel kuni Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazida bo‘lib o‘tgan brifingda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev ma’lum qildi.

Uning aytishicha, referendum uchastkalari hamda ularning atrofida jamoat xavfsizligini ta’minlash uchun jami 30 900 dan oshiq huquq-tartibot idoralari vakillari xizmatga jalb etilgan.

“Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda va Jinoyat kodeksida tegishli tartibda javobgarlik belgilangan.

Agar jamoatchilik tomonidan referendumni o‘tkazish qoidalariga zid bo‘lgan harakatlar kuzatilsa, respublikaning qaysi hududida bo‘lmasin ichki ishlar organlarining “102” qisqa raqamli telefoni orqali xabar berish kerak”, dedi vazir o‘rinbosari.

Abdullayevning qaytishicha, qonunbuzilishi holatlarini aniqlash, qayd etish, har tomonlama va sifatli ko‘rib chiqilib huquqiy baho berilishini ta’minlash maqsadida sud, prokuratura va ichki ishlar organlarining o‘zaro hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan va barcha idoralarda tunu kun navbatchiliklar tashkil etilgan.

“Barcha joylarda yong‘in o‘chirish bo‘linmalarining jangovar hisoblari va tez tibbiy yordam xizmatlarining uzluksiz navbatchiligi tashkil etildi. Aytish joiz, hozirga qadar ichki ishlar organlariga referendumga oid qonunchilikni buzish bilan bog‘liq ariza yoki xabar kelib tushmagan”, dedi u.

Ta’kidlanishicha, referendumda qamoqda saqlash joylarida ushlab turilgan hamda qamoqqa olingan, shuningdek, uncha og‘ir bo‘lmagan yoki ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etganligi uchun jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar ham ishtirok etmoqda.

“Xususan, bugun qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida referendumda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 9 679 nafar shaxslar ovoz berish huquqidan foydalanish imkoniyatiga ega.

Referendum qonunchiligiga ko‘ra, referendumga 60 kun qolganda qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylaridagi mahkumlarning ovoz berishi uchun jami 18 ta referendum uchastkalari tashkil etildi. Mazkur referendum jarayonlarida kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etish huquqiga ega va ular to‘siqsiz ichkariga qo‘yilmoqda”, dedi Bekmurod Abdullayev.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosarining ma’lum qilishicha, bugungi kunga qadar O‘zbekistonda referendumga oid 16 758 ta uchrashuv, targ‘ibot-tashviqot va madaniy tadbirlar o‘tkazilgan. 

“Mazkur targ‘ibot tadbirlarida 20 mln 822 mingdan ziyod fuqarolar ishtirok etgan va ularning xavfsizligi to‘liq ta’minlangan”, dedi Abdullayev.

Eslatib o‘tamiz, referendumda ovoz berish jarayonlari soat 20:00 ga qadar davom etadi.


Maqola muallifi

Teglar

IIB Bekmurod Abdullaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing