Iflos havo miya faoliyatini yomonlashtiradi – tadqiqot

Bu qiziq

image

Britaniya olimlari xona ichidagi va tashqi muhitdagi iflos havo hatto qisqa muddat ta’sir qilganda ham nafas olish tizimi va inson miyasi faoliyatiga ta’sir qilishini aniqladi. Bu haqda “npj Clean Air” jurnali e’lon qilgan tadqiqotida gap boradi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, havodagi zararli aralashmalar inson miyasi ishini atigi bir soat ichida o‘zgartirishi mumkin. Tadqiqotning yetakchi muallifi, Birmingem universiteti olimi Tomas Faertining aytishicha, klinik tadqiqot iflos havo demensiya xavfini oshirishini aniqlashga yordam bergan.

Tajribada yoshi 50 dan oshgan 15 nafar ko‘ngilli ishtirok etgan. Ular navbat bilan maxsus izolyatsiyalangan xonaga joylashtirilib, bir soat davomida maxsus niqob orqali besh xil havo aralashmasidan nafas olgan. Olimlar mutlaqo toza havo, yog‘och tutuni, dizel chiqindilari, oshxona chiqindilari hamda maishiy tozalash vaqtida ajraladigan limon aerozolining inson organizmiga ta’sirini o‘rgangan.

Ishtirokchilar o‘pkasi holati va miya faoliyati har bir jarayondan oldin va keyin kognitiv testlar orqali baholangan. Natijalarga ko‘ra, zaharli havo hatto bir soat ichida organizmga turlicha ta’sir qilgan. Masalan, yog‘och tutuni va maishiy kimyoviy vositalardan chiqqan limon hidi bilan nafas olgandan keyin ishtirokchilarda nafas olish ko‘rsatkichlari biroz yomonlashgan. Bu o‘zgarishlar xavfli darajaga yetmagan, ammo olimlar o‘pkaning shunchalik tez javob berganidan hayratlangan.

Eng qiziqarli o‘zgarishlar esa miya faoliyatida kuzatilgan. Dizel chiqindilari va yog‘och tutunidan nafas olgandan keyin ishtirokchilar oddiy reaksiya testlarida tezroq javob bergan, ammo diqqat jamlash va yuzlarni tanish kabi vazifalarni yomonroq bajargan. Olimlar fikricha, bunday natija atigi 60 daqiqalik ta’sirdan keyin kuzatilganini hisobga olganda, uzoq muddatli ta’sir miya salomatligi uchun yanada jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Tadqiqot mualliflari aholini keksalikdagi aqliy zaiflikdan himoya qilish uchun ekologik siyosatni qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq sun’iy intellekt miya kasalliklarini davolash uchun dori topishni tezlashtirishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Unda olimlar SI algoritmlari yordamida kasallik belgilaridagi o‘zgarishlarni aniqlab, mos dorilarni oldindan taxmin qilish orqali samarali davolash usullarini “o‘n yillar emas, balki bir necha yil ichida” topish mumkinligini bildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

miya tadqiqot Iflos havo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing