Ichki ishlardan yana bir o‘lik chiqdi. Tizimdagilar qachon dars chiqaradi?
Tahlil
−
08 iyun 2023
25115Joriy yilning 3 iyun kuni Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida fuqaro IIB xodimlarining noqonuniy so‘roq qilishi va jarohat yetkazishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Navbatchilik qismiga xabar kelib tushgan. Shundan so‘ng, voqeaga sababchi bo‘lgan 2 nafar xodim hibsga olindi, tuman IIB rahbariyati esa ishdan bo‘shatildi. Ammo ishga aloqador tezkor xodimlar holatni rad etmoqda, prokuratura qo‘shimcha ekspertiza tayinladi.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bir qator o‘g‘rilik jinoyatlarini sodir etishda gumonlanib, JKning 169-moddasi 3-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 3 iyun kuni tergovga jalb etilgan Yuqori Chirchiq tumani Yangi bozor MFYda yashagan, 1987 yilda tug‘ilgan fuqarodavlat tomonidan tayinlangan himoyachisi ishtirokida Bo‘ka tumani IIB tergov xonasida so‘roq qilingan. Tergov jarayonlari esa videoyozuvga to‘liq yozib olingani aytilmoqda.
Ayni paytda lo‘li elatiga mansub bo‘lgan 36 yoshli fuqaro marhum Usmon Salimboyevni noqonuniy so‘roq qilgan va jarohat yetkazgan xodimlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
BBC o‘zbek nashrining o‘zbek xizmati marhumning yaqinlari, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot kotibi bilan suhbatlashib, voqea nimadan boshlanganiga aniqlik kiritgan.
Marhumning ukasi
Bir necha kundan buyon mazkur voqea ijtimoiy tarmoq faollari orasida keng muhokama qilinmoqda. Bunga sabab bir tarafdan voqeaning yaqinda, Chilonzor tuman IIOda o‘zini 4-qavatdan tashlab vafot etgani aytilayotgan 21 yoshli Hafizulloh Turg‘unboyev voqeasi alangasi sovimay turib sodir bo‘lgani bo‘lsa, boshqa tomondan ko‘plab lo‘lilarning vafot etgan qarindoshlari uchun birlashgani, bayonot talab qilib, Bo‘ka tuman IIB binosiga kelgani, holatni tasvirga olib, o‘z haq-huquqlari ta’minlanishini so‘ragani, ommaviy axborot vositalariga hech ikkilanmasdan, yuzimni yashiring, ism-sharifimni ochiqlamang demasdan, erkin tarzda bor gapni gapirib berayotganlari e’tiborni tortmoqda.
Jurnalistlarga intervyu bergan Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot kotibi Bobur To‘laganov ham voqealar tafsilotlarini yashirmadi va Ichki ishlar tizimi tarixida katta ehtimol bilan birinchi marta marhumning yaqinlariga hamdardlik va ta’ziya bildirgan. Shuningdek, tarmoqlardagi ayrim mish-mishlarga aniqlik kiritgan.
Marhum haqiqatdan ham mol o‘g‘irlagan bo‘lgan. Haqiqatdan ham 19:00 da Jinoyat protsessual kodeksining 227-moddasi bilan protsessual tartibda ushlangan va tuman IIBdagi fuqarolarni vaqtincha saqlash xonasiga joylashtirilgan. Ammo u jinoyat qidiruv bo‘limining tezkor xodimlari tomonidan protsessual tartib buzilgan tarzda maxsus so‘rov xonasiga emas, balki xizmat xonasiga olib chiqilib, u bilan boshqa jinoyatga aloqadorligi bo‘yicha surishtiruv o‘tkazilgan. Shu kuni soat 23:30 atrofida gumonlanuvchi Usmon Salimboyevning sog‘lig‘i yomonlashgani sababli tez-tibbiy yordam xizmati chaqirtirilgan. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan, u shifoxonada vafot etgan.
Holat yuzasidan ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Yahyojon Abdulxakov, IIV Shaxsiy xavfsizlik xizmati hamda viloyat prokuraturasi xodimlaridan iborat ishchi guruh voqea joyiga chiqib vaziyat o‘rganilgan. Voqea joyi ko‘zdan kechirilib, ishga aloqador xodimlarning ko‘rsatmalari olingan.
Marhumning ukasi akasining o‘limidan uning oila a’zolari vaqtida xabardor qilinmaganini da’vo qilmoqda.
Tayinlangan birlamchi sud-tibbiy ekspertizasi tashxisiga ko‘ra Usmon Salimboyevning tanasida jarohatlar borligi aniqlangan. Holat yuzasidan Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 235-moddasi (Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodim hibsga olingan va ichki ishlar organlari tizimidan bo‘shatilgan.
Bundan tashqari xolis tergov va tekshiruvni ta’minlash maqsadida ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan Bo‘ka tumani IIB boshlig‘i Boboxonov, uning birinchi o‘rinbosari Xudoyqulov, jinoyat qidiruv bo‘limi rahbari Subanov, tergov bo‘limi boshlig‘i Ochilov, shuningdek, navbatchilik qismi mas’uli Ibragimov egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Vazirlikning markaziy apparati hamda Toshkent viloyati IIBB mas’ul rahbarlari va boshqa xodimlarining harakatlari yuzasidan esa xizmat tekshiruvi tayinlangan.
“Qonunchilikka muvofiq, ichki ishlar organlari xodimlarining qonunbuzarlik xatti-harakatlariga huquqiy baho berish prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilishini inobatga olgan holda barcha materiallar prokuratura organlariga to‘liq taqdim etiladi va holatga xolisona baho berish maqsadida ular bilan yaqindan hamkorlik qilinadi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Toshkent viloyati prokuraturasi ham holat yuzasidan allaqachon rasmiy bayonot berib bo‘ldi.
“Bo‘ka tuman IIB tomonidan tergovga jalb qilingan gumonlanuvchi shaxsning vafot etganligi holati yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, viloyat prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Yuqorida aytilganlar lof emas. Prokuratura ham tergov harakatlari davomida ikki nafar tezkor xodim qamoqqa olinganini tasdiqlagan.
Shuningdek, alohida urg‘ulanishicha, mazkur holat viloyat prokuraturasi tomonidan alohida nazoratga olingan. Prokuratura fuqarolarni tergovni chalg‘ituvchi, mish-mishlardan kelib chiqqan asossiz ma’lumotlarga ishonmaslikka hamda rasmiy manbalar orqali berilayotgan ma’lumotlarga tayanishga chaqirdi.
Ichki ishlar vazirligi esa o‘z bayonoti so‘ngida vazirlik insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi ta’minlanishiga so‘zsiz javobgar ekani, shaxsga nisbatan qiynoq qo‘llanishi, zo‘ravonlik yoki boshqa tarzda g‘ayriinsoniy munosabatda bo‘lishi vazirlik tomonidan qattiq qoralanishi va bunga yo‘l qo‘ygan barcha xodimlar qonun oldida qat’iy javob berishini eslatgan.
“Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qonuniylikka va insoniylikka zid harakatlar jamoatchilik tomonidan keskin e’tirozlarga sabab bo‘lishini to‘liq anglaymiz, lekin shu bilan birga, ichki ishlar organlari sha’niga dog‘ tushirgan xodimlarning harakatlari ortidan boshqa, o‘z xizmatini vijdonan va sadoqat bilan bajarayotgan xodimlarni obro‘sizlantirishga yo‘l qo‘yilmasligiga ishonamiz”.
Bu bayonotni o‘qir ekansiz, beixtiyor “mana, bo‘larkan-ku” deb yuborgisi keladi odamning. Ha, IIB binosidan gumonlanuvchining murdasi chiqishi o‘ta salbiy holat, ammo ularning o‘zi bu xabarni ommaga yoyishi, xalqdan hech nimani yashirmagani ijobiy progres, bizningcha. Hor holda bu Ichki ishlardagi birinchi holat emas, bilganimiz bu.
Darhaqiqat, biz IIB binosida fuqaroning o‘lgani haqidagi xabarni birinchi marta Ichki ishlar vazirligining o‘zidan eshitdik. Vazirlik o‘z aybini jamoatchilik qistovlaridan avval o‘zi tan olib chiqdi. Toshkent viloyat IIBB esa nafaqat o‘zbek, balki xorijiy OAVning o‘zbek xizmati uchun ham ochiq bo‘ldi.
Vaholangki, qamoqxonalarda, tergov bo‘linmalaridagi qiynoqlar O‘zbekistonda allaqachon barham topgani bot-bot aytilsa ham, o‘zbekistonliklar har yili bunday voqealarning bir nechtasi bilan to‘qnash keladi. Buni birgina shu yilning 29 may kuni Chilonzor tuman IIO FMBda vafot etgan 21 yoshli Xafizulloh Turg‘unboyevning o‘limi voqeasi bilan ham taqqoslaganda yer bilan osmoncha farqi bor. Hafizulloh masalasida agar u o‘zini rostdan ham 4-qavatdan tashlagan taqdirda ham bunga aybdor bo‘lgan, gumonlanuvchini nazorat qilmagan IIB xodimlari javobgarlikka tortilmadi.
Bundan tashqari, do‘kondan 17 ming so‘mlik qurut va ichimlik olib pulini to‘lamay chiqib ketgani uchun IIBning Qo‘qon shahridagi Voyaga yetmaganlar markaziga olib ketilgan 15 yoshli Ravshanbek Abdusattorov “hibs” etilgan muassasada sirli tarzda o‘lim topgani ortidan ham hech bir xodim ishdan ketmadi, qamoqqa olinmadi. Faqatgina ularga xizmat tekshiruvi tayinlangani aytildi, xolos.
O‘tgan yilning 9 oktyabr kuni Navoiy shahar beshinchi mintaqaviy hudud 4-son jazoni ijro etish koloniyasida o‘z joniga qasd qilgani aytilgan, ammo yaqinlarining da’vosicha qiynab o‘ldirilgan Oyatullo Maxsumov voqeasida ham IIB xodimlari suvdan chiqib ketgandi.
Xo‘sh, nega bu voqealarga miq etmay turgan Ichki ishlar vazirligi bu safar ham o‘z stilida sobit qolmadi? Yo standart va prinsiplar vaziyatlarga ko‘ra o‘zgarib, goh egilib, goh bukilib, kezi kelganda cho‘zilib turadimi?
Shu o‘rinda Yangi O‘zbekistonda tergov jarayonidagi qiynoqlarga kecha yo bugun duch kelmayotganimizni yana bir bor asoslab ketsak.
2020 yilning 23 yanvar kuni soat 01:50 da Chiroqchi tumanning Langar qishlog‘ida sodir etilgan chorva mollari o‘g‘riliklarini fosh etish borasida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida o‘g‘irlikda gumon qilinib Chiroqchi tumani IIO FMB binosiga olib kelingan fuqaro vafot etgan.
Shuningdek, 2020 yilning 30 may kuni Andijon shahar IIB JQB tezkor vakillari ish yurituvidagi ariza yuzasidan fuqaro Abdukarimovni IIB ma’muriy binosiga olib kelib, hayoti va sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib, noqonuniy ravishda ushlab turgan. Ichki ishlar xodimlari tomonidan qiynab, ruhiy azob berilishi natijasida Abdukarimov shifoxonada vafot etgan.
Yuqoridagi ikki holat nafaqat mamlakat ichkarisida, balki tashqarisida ham katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Mamlakatda bir tomondan Jasliq qamoqxonasi yopilgani olqishlansa, boshqa tomonda huquq-tartibot organlaridagi qiynoqlar davom etayotgani qoralandi. Prezident Mirziyoyev Andijon va Chiroqchidagi voqealar bo‘yicha alohida yig‘ilish o‘tkazdi, Ichki ishlar organlari oldiga qat’iy talablar qo‘ydi. Mamlakatda alohida tergov qo‘mitasini tuzish, qiynoqlar borasida qonun loyihasini tayyorlash aytildi. Ammo bular amalga oshmadi.
Bugun ham Ichki ishlar organlariga kirgan fuqarolar qiynoqlar oqibatida sog‘ chiqmayotganidan ko‘rinib turibdiki, tizimdagilarning ko‘plari bundan xulosa chiqarmagan.
LiveBarchasi