“Molxona”da o‘qiyotgan o‘quvchilar. O‘zbekiston maktablari qishdan qanday chiqadi?

Jamiyat

O‘zbek xalqida “Qish g‘amini yozda ko‘r” degan dono ma’qol bor. Darhaqiqat, yoz bo‘yi ko‘plab davlat tashkilotlari, vazirlik va idoralar qishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqdagi xisobatlar bilan chiqish qiladi. Ammo har gal qish kelganida ko‘rilgan tayyorgarliklaru, aytilgan xisobotlaro‘zini oqlamagani yaqqol ko‘zga tashlanib qoladi. 

QALAMPIR.UZ’ga Toshkent viloyati Bo‘ka tumani Katta Rovot MFY hududida joylashgan 10-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi qishda ta’lim olish uchun yaroqsizligi bo‘yicha murojaat kelib tushdi. Dastavval, Toshkent shahridan unchalik uzoqda joylashmagan bu maktabning sharoitsiz ekaniga ishonqiramay qaragan edik. Ammo holatni borib, o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganimizda murojaatda qay darajada jon bor ekani aniq bo‘ldi. 

“Maktab degan nom berishga uyalasan kishi”

10-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi 1989 yilda bir qavatli bino sifatida qurilgan. 2008 yilda esa unga sport zali va maktabgacha ta’lim muassasasi qo‘shib berilgan. Ammo qurilish qoidalariga amal qilinmagani uchun bugun uning ahvoli ayanchli. Bugun maktab sharoiti yaxshi bo‘lmagani va sig‘imi kichikligi uchun faqat 1-sinfdan 5-sinfgacha bo‘lgan bolalar tahsil oladi. 

“Bino uzoq vaqtdan beri ta’mirlashga muhtoj edi. Quruvchilar kelishi bilanoq, favqulodda vaziyatlarga chidash bermasligini aytib, yordam berishga va’da berishadi, ammo hech qanday o‘zgarish yo‘q. Hokimiyatga qancha yozishmasin, javob va natija ko‘rsatilmaydi. Ko‘p yillardan buyon hech qanday yangilanish yo‘q, bino qarovsiz holatda. Ta’lim vazirligining talablari esa osmonda. Maktabda na bufet, na oshxona bor”, dedi maktabning Boshlang‘ich harbiy ta’lim rahbari.

Maktab qorovulining aytishicha, sinf xonalarning joriy ta’miri ham o‘qituvchilarning bo‘ynida. Ular xonadagi chiroqlarni almashtirishdan tortib, bo‘yoq, pol xarajatlarini ham o‘z bo‘yniga oladi. Isitish tizimi esa ko‘mir orqali bo‘lgani uchun sifatsiz ko‘mirdan sinfxonalarni isitish imkoni yo‘q.
 

“Bino “avarenniy” holatda. Issiqlik yo‘q, pollar teshik. Hamma joy zax. Hatto xonalar remontini o‘qituvchilar qiladi. Biz ham qorovulxonani o‘zimiz ta’mirlaymiz. Tok pechka orqali isitishga majbur bo‘lamiz. Favqulodda vaziyatlardan odam kelib bo‘yniizga jarima yozadi keyin. Lekin sharoit qilib bermaydi. Qanday qilaylik? Ular ketgandan keyin yana pechkalarni qo‘shib olaveramiz”, dedi qorovul Umidjon Saidov.

Maktabning sport zali nafaqat sovuq, balki, o‘ta xavfli ham. O‘qituvchilarning aytishicha, bir necha yil oldin Administratsiyadan kelib, bino eshigini qulf solib ketishgan. Ammo shundan so‘ng bino na ta’mirlangan, na buzib, yangisi qurilgan. Oqibatda esa bolajonlarning shu xavfli binoda tahsil olishdan boshqa imkoni yo‘q.

“Ertaga zilzila bo‘lsa, tomdagi plitalar bosib qoladi, hech kim kirmasin deyishdi. Lekin majburmiz. Maktab degan nom berishga uyalasan kishi. Molxonaga o‘xshaydi. Qurilish strukturasi maktb talablariga javob bermaydi. Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan SamPin qoidalariga muvofiy emas. Sanitariya holati – nol. Maktabda yig‘ilish qilish uchun joy yo‘q. Birgina madhiya ayttrish uchun ham tashqariga, sovuqqa yig‘ishga majbur bo‘lamiz. Uni videoga olib ijtimoiy tarmoqqa qo‘ysak, hamma nega bolalarni sovuqqa olib chiqdilaring, deb e’tiroz bildiradi. Men nima qilay? Xonalar tashqaridan sovuq, faollar zali yo‘q. Shu bo‘sh maydondagn boshqa hech narsamiz yo‘q-ku”, dedi o‘qituvchi Shamsiddin Musayev.

“Elektron doska qanday bo‘ladi? U butun boshli tumanimizda ham yo‘q”


O‘quvchilar Ravot mahallasida joylashgan bu kichik binoga sig‘magani uchun 5-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan yuqori sinf bolalari qo‘shni mahalla hududidagi kollej binosiga ko‘chirilgan. Ammo kollej binosida joylashgan “najotkor” maktabning ahvoli ham havas qilgulik emas. 

“Qishda sinfxonalarda juda sovuqqotamiz. Lampochkalargacha o‘chib qoladi. Qorong‘uda doskani ko‘rmaymiz. O‘qituvchimiz doskaga yaqinroq o‘tirgizadi. Lekin doskalarimiz ham eski bo‘lgani uchun baribir ko‘rinmaydi. Ba’zan butunlay tushib ketadi. Suvuq bo‘lgani uchun imkon qadar qalinroq kiyinib kelamiz. Xonamiz biroz bo‘lsa ham isiydi, batareyalarga yaqinroq o‘tirishga harakat qilamiz. Lekin sovuq kunlarda batareyalar yorilib, ustimizga suv sachraydi. Rezina bilan bog‘lab qo‘yishsa ham. Suv bosgan xonada dars o‘tishga majbur bo‘lamiz. Sport zalga esa qishda umuman kirmaymiz. Chunki juda sovuq”, dedi Shabbona ismli maktab o‘quvchisi.

Ayniqsa, maktabning pol qismi juda ayanchli ahvolda. Xonalar changga qoplangan, qorong‘u va zax.

“Bitta piyodalar yo‘lagini qurdirishimiz uchun Openbyudjetga qatnashishimiz kerak ekan. Qaysi bir muammoyimizni open byudjet orqali hal qilaylik? O‘zbekistonda inson qadri birinchi o‘rinda emasmi? Open byudjetda qatnashmadi, degani bolaning taqdiriga befarq bo‘lish mumkin deganimasdir. Bu binoning isitish tizimi 2009 yilda tortilgan. Hozirgacha hamma trubalar chiri ketgan. Batareyalarni rezinka bilan ulab yuribmiz. Ammo qachongacha bu davom etadi? Direktorimizga ham qiyin. Bir necha bor leloniyumni almashtirib berishlarini so‘rab yuqoriga chiqdi. Foydasi bo‘lmadi”, dedi Musayev.


Ma’lumot uchun, 2023 yilning 3 fevral kuni Matkabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova faqat vazirlik binosida o‘tiravermay, chekka hududlardagi maktablarga ham borishini aytgan edi. Xo‘sh, respublikaning eng chekka hududlaridagi maktablar tugul Toshkent viloyatidagi bu maktab holidan xabar olmagan vazir o‘z va’dasining ustidan qachon chiqadi?

Yoki 3 yildan beri viloyatga hokimlik qilayotgan Zoir Mirzayev bunday muammolarni hal qilishi uchun yana qancha kursida o‘tirishi kerak? QALAMPIR.UZ vazirlik va hokimlik mutasaddilaridan mazkur holat yuzasidan munosabat kutadi.


Maqola muallifi

Teglar

maktab Toshkent viloyati Bo'ka

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing