AQSH maktabida yana otishma sodir bo‘ldi. Qurbonlar bor

Olam

image

Kecha, 16 dekabr kuni AQSHning Viskonsin shtati Medison shahrida xususiy xristianlik maktabida otishma yuz berdi. Bu haqda “The Washington Post” xabar berdi.

Mahalliy huquq-tartibot idoralarining ma’lum qilishicha, qurolli hujum oqibatida uch kishi halok bo‘lgan, yana yetti kishi hayot uchun xavfli bo‘lgan jarohatlar olgan.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, otishmada gumon qilingan 15 yoshli o‘smir qiz ham o‘lik holda topilgan. U shu maktabning o‘quvchisi bo‘lgan. Mahalliy politsiya boshlig‘i Shon Barns matbuot bilan suhbatda otishmada gumon qilinayotgan yigit o‘z joniga qasd qilgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.

“Bugun nafaqat Medison uchun, balki butun mamlakatimiz uchun qayg‘uli kun”, degan politsiya boshlig‘i.

Uning qo‘shimcha qilishicha, politsiya otishma sabablarini hali aniqlamagan va gumondorning oilasi tergov bilan hamkorlik qilmoqda. Hujum haqida politsiyaga birinchi bo‘lib ikkinchi sinf o‘quvchisi xabar bergan. Otishma aralash sinf o‘quvchilari bilan o‘quv zalida ro‘y bergan.

Oq uyning bildirishicha, mamlakat Prezidenti Jo Bayden otishma haqida xabardor qilingan.

Otishma sodir bo‘lgan maktab – Abundant Life Christian Private School. U yerda jami 390 nafarga yaqin bola tahsil oladi.

AQSHda otishmalar keng tarqalgan va maktablar bundan mustasno emas.

Ma’lumot uchun, bundan 3 yil avval, Jorjiya shtatidagi otishmadan so‘ng Prezident Bayden mamlakatda o‘qotar qurollar aylanishini cheklash kerak bo‘lgan yangi choralarni e’lon qilgandi. Bu esa 1934 yildan beri qurol-yarog‘ga egalik qilish erkinligiga qarshi 10-urinish bo‘lgan. Ammo Baydenning rejasi ham ish bermadi.

AQSHdagi qurolli zo‘ravonlik arxiviga ko‘ra, otishma sodir etish holatlari pandemiya va undan keyin ko‘paygan. Masalan, 2021 yildan beri 150 dan ortiq ommaviy otishmalar sodir bo‘lgan. Ularning har birida esa o‘rtacha 4 kishi halok bo‘lgan.

Agarda AQSHdagi vaziyatni dunyoning boshqa rivojlangan davlatlari bilan solishtirsak, aholi jon boshiga quroldan o‘ldirish 25 baravarga ko‘p.

2018 yil hisob-kitobiga ko‘ra, aholining qo‘lida qariyb 400 million dona o‘qotar xavfli qurollar bor. Ammo amerikaliklarning uylarida bugun nechta qurol borligini hech kim aniq bilmaydi. Pandemiyadan keyingi 1 yilning o‘zida amerikaliklar 5 million dona to‘pponcha xarid qilgan.

“Education Week” axborot tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda AQSH bo‘ylab 38 ta maktab otishmasi qurbonlar yoki jarohatlar bilan yakunlangan. Bugungi otishmadan oldin shu paytgacha jami 69 kishi jabr ko‘rgan, ularning 16 nafari halok bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Kaliforniya shtatidagi Palermo shahri yaqinidagi maktabga qurollangan shaxs kirib, maktabning ikki o‘quvchisiga qarata o‘t ochgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh maktab o'quvchi otishma qurolli hujum Viskonsin shtati Abundant Life Christian Private School. Medison shahri xristianlik maktabi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing