Ichki ishlar vaziriga ham yangi o‘rinbosar tayinlandi
Jamiyat
−
08 avgust 2023
18986Bugun, 8 avgust kuni O‘zbekiston Ichki ishlar vaziriga yangi o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Davron Abitovich Nazarmuhamedov bundan buyon Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritadi. Tayinlovga qadar u Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, general-mayor Davron Nazarmuhamedov 1975 yil 10 noyabr kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1992-1996 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasida o‘qigan.
1996-1998 yillarda Toshkent shahri Shayxontohur tumani ichki ishlar boshqarmasi jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili;
1998-1999 yillarda Sobir Rahimov tumani Ichki ishlar boshqarmasining korrupsiya, reket va terrorizmga qarshi kurash bo‘limi tezkor vakili;
1999-2002 yillarda Shayxontohur tumani ichki ishlar boshqarmasi jinoyat qidiruv bo‘limi o‘ta muhim ishlar bo‘yicha katta tezkor vakili;
2002-2006 yillarda Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi jinoyat qidiruv boshqarmasi terrorizmga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari, boshlig‘i;
2006-2010 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurash bosh boshqarmasi uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari;
2010-2014 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurash bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari.
2014 yil O‘zbekiston Respublikasi prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisining o‘rinbosari;
2014-2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari;
2015-2017 yillarda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining kadrlar siyosati bo‘yicha davlat maslahatchisi;
2017-2019 yillarda O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari vazifasida faoliyat yuritgan.
2019 yildan bugunga qadar esa Xorazm IIB boshlig‘i sifatida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Farg‘onada bo‘lib o‘tgan Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Najmiddin To‘raxo‘jayev lavozimidan ozod qilingandi. Shuningdek, vazirning yana bir o‘rinbosari Azizbek Ikromov Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan.
LiveBarchasi