“Human” bandlik agentligi litsenziyasini bekor qilish boshlandi

Jamiyat

image

Avvalroq, “Human xususiy bandlik agentligi” MCHJga O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun berilgan litsenziyaning amal qilishi vaqtinchalik to‘xtatilgani, jinoiy qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan edik. 

Ayni vaqtda O‘zbekiston fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan “Human xususiy bandlik agentligi” MCHJga berilgan litsenziyani bekor qilish jarayonlari boshlandi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan “Human xususiy bandlik agentligi” MCHJ faoliyati bo‘yicha olib borilayotgan tergov ishlari samaradorligini ta’minlash hamda fuqarolar mehnat huquqlarini muhofaza qilish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tergov ishlari uchun kerak bo‘ladigan barcha zaruriy ma’lumotlarni taqdim etishga tayyor ekanligini bildirmoqda. 

Kelgusida xususiy bandlik agentliklari tomonidan O‘zbekiston fuqarolarini xorijga ishga yuborish jarayonida bu kabi holatlarning takrorlanmasligi va mehnat huquqlari buzilishining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha tegishli takliflar ishlab chiqilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, jami 52 kishidan tashkil topgan va O‘zbekistonning turli hududlarida istiqomat qiluvchi arizachilar O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan 2018 yil noyabr oyida taqdim etilgan tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan “Human xususiy bandlik agentligi” MCHJ bilan 2018 yilning noyabr oyidan 2019 yilning sentyabr oyigacha shartnomalar tuzgan. Shartnomalarga ko‘ra, MCHJ ularni Yevropa davlatlarida, xususan, Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Turkiya, Bolgariya va Litvada ishga joylashtirish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan. Buning uchun har bir arizachi MCHJning hisob raqamiga 18 dan 35 million so‘mgacha bo‘lgan miqdordagi mablag‘ni ko‘chirgan.

Shu tarzda “Human xususiy bandlik agentligi” MCHJning hisob raqamiga 52 nafar arizachilardan umumiy miqdorda 1 670 500 000 so‘m kelib tushgan.

Biroq arizachilardan hech biri chet elda ishga joylashtirilmagan. MCHJ jabrlanuvchilarga pullarni qaytarib bermagan.

Tergov-oldi harakatlari Yakkasaroy tumani IIO FMB va prokuraturasi tomonidan hamkorlikda olib borildi. Natijada Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi, 4-qismi "a" bandi ("Firibgarlik, juda ko‘p miqdorda") bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Hozirgi vaqtda ayblanuvchi sifatida ushbu MCHJ direktori 29 yoshli Shoxnur F. jalb qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Human

Baholaganlar

21

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing