Paxta, paxta, paxta... Qoraqalpog‘iston va 4 viloyatda majburiy mehnat bo‘y ko‘rsatdi
Jamiyat
−
06 noyabr 2019
7724O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mamlakatda majburiy mehnatga qarshi murosasiz kurash davom etayotganiga qaramay, ayrim hududlarda hamon majburiy mehnat bo‘y ko‘rsatayotganini ma’lum qilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo, Toshkent, Andijon viloyatlarida ro‘y bergan holatlarni ochiqladi.
Vazirlikning qayd etishicha, Nukus shahar 1-sonli bolalar va o‘smirlar sport maktabi hamda Xo‘jayli tumanidagi 31-umumta’lim maktab rahbarlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismi bilan jarimaga tortilgan. Ular ishchi va xizmatchi xodimlarni paxta yig‘im-terim ishlariga majburan jalb etgan.
Jizzax viloyati Arnasoy tumani ATB “Xalq banki” boshqaruvchisi, hudud Tibbiyot birlashmasi bosh vrachi, Suvoqava DUK Arnasoy tumani filiali boshlig‘i ham qo‘lostidagi xodimlarni paxta terimiga majburan yo‘naltirgani tufayli MJtKning 51-moddasi 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari qiymatida jarimaga tortilgan.
Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida joylashgan “Sevdiyot” fermer xo‘jaligi rahbariga terimchilar uchun yetarli shart-sharoitlar yaratib bermagani sabab MJtKning 49-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy jarima qo‘llanilgan.
Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani Irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i xodimlarni paxta yig‘im terim vaqtida bajarilmagan ish hajmlari uchun pul mablag‘lari to‘lab bergan. Bu noqonuniy harakat MJtKning 49-moddasi 1-qismi bilan jarimaga tortilgan.
Qarshi shahri “Obod” avtotrans MCHJ direktori esa yo‘nalish bo‘yicha yo‘lovchilarni tashishni amalga oshiruvchi Damas rusumli avtomobil xaydovchilarini ularning roziligisiz paxta dalalariga terimchilarni tashishga majburlagani sabab bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari qiymatida ma’muriy jarima to‘laydigan bo‘ldi.
Toshkent viloyati Ohangaron tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Jizzax viloyati Zafarobod tumani Iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari, ayni viloyatning Mirzacho‘l tumani qurilish ishlari bo‘yicha hokim o‘rinbosari terimchilar uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratmaganligi sababli ma’muriy jarimaga tortilgan.
Bu qatorda Andijon viloyati Ulug‘nor tumani hokimining birinchi o‘rinbosari ham bor. U paxta terish uchun kelgan ishchilarning yotoq joyida yetarli shart-sharoitlarni yaratmagan va bazaviy hisoblash miqdorining 7-10 barobari qiymatida ma’muriy jarimaga tortilgan.
LiveBarchasi