Paxta terimi uchun narx belgilandi
Jamiyat
−
09 Oktabr
50047Endi qo‘lda terilgan paxtaning har bir kilogrammi uchun 2 ming 500 so‘mdan haq to‘lanadi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugungi kungacha tijorat banklari tomonidan (qo‘l terimi uchun) 1500 so‘mdan kredit mablag‘lari ajratilib, terimchilarga ushbu miqdordagi summa har bir kilogramm uchun berib kelinayotgan edi. Bu, o‘z navbatida, birmuncha qiyinchilik tug‘dirib, terimchilarni mavsumiy ishga jalb qilish holatlarida noqulay vaziyatni keltirib chiqargan.
Bildirilishicha, mazkur holatlarni har tomonlama hisoblab va undan keyin terimchilarni moddiy rag‘batlantirishni yanada kuchaytirish maqsadida bugundan boshlab, respublikaning barcha hududlaridagi terimchilarga paxta terim narxi (qo‘l terimi uchun)ni har bir kilogramm uchun 2500 so‘m etib belgilangan.
Bunda ushbu mablag‘ning 2000 so‘mi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan, 500 so‘mi klaster hisobidan ajratilib, dalaning o‘zida terimchilarga tarqatiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda fermerlarni paxtaning arzonroq narxiga rozi bo‘lishga majburlash holatlari kuzatilgani, klasterlar shartnoma asosida o‘z zimmasiga olgan xarajatlarning bir qismini hukumat soliq to‘lovchilarning gardaniga yuklashga qaror qilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Holat yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi tushuntirish berib, xabarni yetkazishda anglashilmovchilik yuzaga kelgani va xatoga yo‘l qo‘yilganini ma’lum qilgan.