211 nafar fuqaroni chuv tushirgan bandlik agentligi litsenziyasi tugatildi
Jamiyat
−
25 noyabr 2019
5001“Navoiy xususiy bandlik agentligi” MCHJga 2019 yil 14 fevralda berilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat etuvchi 0039-sonli litsenziya to‘xtatildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, “Navoiy xususiy bandlik agentligi” MCHJ mansabdor shaxslari xorijda ishga joylashish istagida agentlikka murojaat qilgan jami 211 nafar fuqaroni Janubiy Koreya Respublikasida malaka talab qilinmaydigan bo‘sh ish o‘rinlariga ishga yuborish, ularga 2 ming AQSH dollari miqdorida oylik ish haqi berilishiga ishontirib, firibgarlik yo‘li bilan ularning har biridan 3 mln so‘mdan jami 633 mln so‘m olib, pul mablag‘larini o‘zlashtirgan va belgilangan muddatda fuqarolarni ishga yubormagan.
Shunga ko‘ra, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 sentyabrdagi 725-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomining 45 va 46-bandlariga muvofiq, “Navoiy xususiy bandlik agentligi” MCHJ litsenziyasini to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Koreya Respublikasidagi vaqtinchalik mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yish ikki davlat Mehnat vazirligi tomonidan imzolangan Anglashuv memorandumi asosida amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, Ye9 viza bilan fuqarolarni Koreya Respublikasiga ishga joylashtirish vakolati faqatgina Bandlik va mexnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi zimmasiga yuklatilgan. Koreya Respublikasida ishga joylashtirish xususiy bandlik agentliklari vakolatiga kirmaydi.
Max’lumot o‘rnida, o‘tgan oylarda vazirlik “Korean and migrations xususiy bandlik agentligi” MCHJga va “Human xususiy bandlik agentligi” MCHJga berilgan litsenziyalarni to‘xtatgan edi.
LiveBarchasi
26 noyabr