G‘uzordan chiqqan bolalar jasadlari. SSV munosabat bildirdi
Jamiyat
−
25 iyun 2022
24115Avvalroq Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida bir oilada yashagan ikki bola – 4 yoshli o‘g‘il bola va 8 yoshli qiz bola noma’lum kasallikdan vafot etgani haqida xabar bergan edik. Sog‘liqni saqlash vazirligi bolalarning o‘limi bo‘yicha o‘tkazilgan surishtiruvning dastlabki xulosalarini e’lon qildi.
Ma’lum qilinishicha, 2019 yilda tug‘ilgan A.N. (o‘g‘il bola) 2022 yil 20 iyun kuni soat 9:40 larda G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasi bolalar reanimatsiyasi bo‘limiga o‘limoldi holatida olib kelingan. Bolaga “Yuqori nafas yo‘llari yallig‘lanishi. Gipertermik va talvasa sindromi. Asorati: toksik ensefalopatiya. Bosh miya shishi. O‘tkir yurak va nafas yetishmovchiligi. DVS sindromi. Karaxtlik 2-darajasi” tashxisi qo‘yilgan. Ko‘rsatilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, shifoxonaga olib kelinganidan 1 soat-u 10 daqiqa o‘tib, bolada biologik o‘lim qayd etilgan.
Shu yilning 22 iyun kuni soat 23:05 larda G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasiga 2016 yilda tug‘ilgan A.G. (qiz bola) ham o‘ta og‘ir ahvolda yotqizilgan. U 20 iyun kuni vafot etgan A.N.ning yaqin qarindoshi bo‘lgan. Bu bemorga “Yuqori nafas yo‘llari yallig‘lanishi. Virusli intensial sindrom. Toksiko infeksion shok. DVS sindromi. Gemolitik uremik sindrom. O‘tkir buyrak yetishmovchiligi. Anuriya bosqichi. Toksik ensefalopatiya. Miya shishi. O‘tkir yurak va nafas yetishmovchiligi” tashxisi qo‘yilgan. Bemorni davolash uchun bolalar reanimatologi, bolalar nevropatologi, gematolog, nefrolog, toksikolog va infeksionist mutaxassislar jalb qilingan. Biroq ko‘rilgan davo choralariga qaramasdan, bemor kecha, 24 iyun soat 04:00 lar atrofida vafot etgan.
“Vafot etgan A.N. va A.G. bir darvozadan kiriladigan ikki hovlida yashagan. Bolalar birga o‘ynagan, ba’zan birga ovqatlangan. Ular bilan kontaktda bo‘lgan 9 kishi profilaktika maqsadida izolyatsiyaga olinib, ehtiyot chorasi sifatida o‘ta xavfli infeksion kasalliklarga laborator tahlillar o‘tkazilgan”, deyiladi vazirlik xabarida.
Natijada, ayni paytda 2018 yilda tug‘ilgan A.A.da gemorragik isitma gumon qilinmoqda. Shu bois uning qon tahlillarini yakuniy tekshirish va xulosa berish uchun Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriyasiga yuborilgan. Bu jarayon esa ma’lum vaqt talab qiladi.
Qayd etilishicha, gemorragik isitma, asosan, mayda kemiruvchilardan, hasharot(kana)lardan odamga turli yo‘llar bilan yuqadi.
“Ehtiyot chorasi sifatida zarur epidemiologik tadbirlar boshlangan. Bemorlar yashagan xonadonda profilaktik dezinfeksiyalash ishlari o‘tkazilgan. Uydagi ichimlik saqlanadigan hovuzdan laborator tekshiruv uchun namuna olingan”, deyiladi SSV xabarida.