Guterrish Yaqin Sharqda keskinlikni yumshatishga chaqirdi

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish kuch ishlatib, javob qaytarish harakatlari xalqaro huquq tomonidan taqiqlanganini eslatdi. Bu haqda u kecha, 14 aprel kuni BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida so‘z ochdi. 

U Eronning Isroilga hujumidan keyingi vaziyatni muhokama qilar ekan, maksimal darajada vazminlikka chaqirdi.

“Yaqin Sharq tubsizlik yoqasida. Mintaqa xalqlari halokatli keng ko‘lamli to‘qnashuvning haqiqiy xavfiga duch kelmoqda. Hozir keskinlikni yumshatish vaqti keldi”, degan BMT Bosh kotibi.

Avvalroq AQSH Prezidenti Jo Bayden Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga Isroilning Eron hujumiga keyingi javoblari o‘rinsiz ekanini va AQSH ularda ishtirok etmasligini aytgan edi. Baydenning so‘zlari kecha, 14 aprel kuni CNN va “The Wall Street Journal” tomonidan e’lon qilindi. Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Jon Kirbi ham NBC’ga AQSH Yaqin Sharqdagi inqiroz kuchayishini istamasligini aytdi.

Eron va Isroil ziddiyatining keskinlashuvi

1 aprel kuni Isroil Damashqdagi Eron konsulligi binosiga havo hujumi uyushtirdi. Hujum oqibatida Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusining 7 nafar a’zosi halok bo‘ldi, ulardan ikki nafari general darajasida edi.

Eron Isroilning konsullikka hujumi o‘z hududiga qilingan hujum ekanini va u o‘ch olishini aytdi.

Isroil ham Eron hujumlariga javob berishini e’lon qildi.

14 aprelga o‘tar kechasi Eron Isroilga yuzlab kamikadze dronlari, ballistik va qanotli raketalar bilan hujum uyushtirdi va ba’zi harbiy nishonlarga zarba berilganini aytdi.

Isroil hujumlarning aksariyati havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan to‘xtatilganini bildirdi, biroq bitta raketa mamlakat janubidagi harbiy bazaga tegdi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq CNN telekanali isroillik rasmiyga tayanib, Isroil Eron hujumiga javob berish niyatida ekani, hozirda javob ko‘lami aniqlanayotganini xabar qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron BMT Antoniu Guterrish Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing