Guterrish Netanyaxuga yozma norozilik bildirdi

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish kecha, 29 oktyabr kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga maktub yo‘llab, bir kun avval qabul qilingan BMTning Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi (UNRWA) faoliyatini taqiqlovchi yangi qonunga norozilik bildirdi.

“Men sizni va Isroil hukumatini potensial halokatli oqibatlarning oldini olishga va UNRWA’ga xalqaro huquq bo‘yicha o‘z majburiyatlariga muvofiq bosib olingan Falastin hududlarida, jumladan Sharqiy Quddusda faoliyatini davom ettirishiga ruxsat berishga chaqiraman”, deyiladi Guterrishning maktubida.

BMT Bosh kotibining ta’kidlashicha, “Isroil, bosqinchi davlat sifatida aholining ehtiyojlarini qondirishni ta’minlash” uchun mas’ul bo‘lib qolishi kerak.

“Agar Isroil buni uddalay olmasa, u Birlashgan Millatlar Tashkilotining ushbu maqsadlardagi faoliyatiga, shu jumladan UNRWA faoliyatiga ruxsat berishga va yordam berishga majburdir”, deb yozadi BMT Bosh kotibi Netanyaxuga yo‘llagan maktubida.

Isroil G‘azo sektori aholisiga gumanitar yordam yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi bu tashkilotni uzoq vaqtdan beri tanqid qilib keladi. Yangi qonun 2023 yil 7 oktyabrda HAMASning Isroilga hujumida UNRWA’ning bir necha xodimlari ishtirok etgani haqidagi iddaolar tufayli ishlab chiqilgan.

Eslatib o‘tamiz, 28 oktyabr kuni Isroil parlamentida 92 deputatning yoqlovchi va 10 deputatning qarshi ovozi bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam va ishlar agentligi kelasi yili Isroildagi "barcha faoliyatini" to‘xtatishi kerakligini nazarda tutuvchi qonun loyihasini tasdiqlangandi. Qabul qilingan qonun ortidan UNRWA o‘z faoliyatini Falastin hududlarida ham davom ettira olmaydi, chunki Isroil barcha chegara o‘tish joylarini nazorat qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Antoniu Guterrish Isroil Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing