Guterrish Mirziyoyevning takliflarini qo‘llab-quvvatladi

Jamiyat

image

Kecha, 19 sentyabr kuni Nyu-York shahrida o‘tayotgan BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasining umumiy munozaralari doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, suhbat davomida O‘zbekistonning BMT bilan hamkorligini yanada kengaytirish istiqbollari, eng avvalo, barqaror rivojlanish sohasidagi milliy vazifa va maqsadlarni ro‘yobga chiqarish masalalari ko‘rib chiqilgan.

“Birgalikda qariyb 140 ta dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 6 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi. Orolbo‘yi mintaqasi aholisini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus Trast fondi faoliyat yuritmoqda”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston BMTning bir qator nufuzli tuzilmalariga saylangan va ularning ishida faol ishtirok etmoqda. Birgalikda global kun tartibiga oid, jumladan, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, turizmni rivojlantirish, kambag‘allikka va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha yirik xalqaro tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Antoniu Guterrish Shavkat Mirziyoyevning Bosh Assambleya 78-sessiyasidagi nutqini yuksak baholab, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlashini, davlat rahbari dolzarb global va mintaqaviy muammolarga yechim topish borasida ilgari surgan tashabbus va takliflar muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan.

“Bosh kotib yangi “O‘zbekiston – 2030” islohotlar strategiyasiga kiritilgan maqsad va vaziflarning ko‘lamdorligini, ular barqaror rivojlanish maqsadlari bilan to‘liq hamohangligini alohida qayd etdi. BMT va uning barcha institutlari ushbu dasturiy hujjatni amalga oshirishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi”, deyiladi xabarda.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi keng ko‘lamli sheriklikni chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olingan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 19 sentyabr kuni Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasining umumsiyosiy munozaralari boshlangan, unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zbek tilida nutq so‘zlagandi. U o‘z chiqishida qator takliflarni ilgari surdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston BMT Antoniu Guterrish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing