Guseyn Gasanov O‘zbekistonga keldi
Jamiyat
−
13 Sentabr 2019
13316Rossiyalik taniqli bloger, 25 yashar Guseyn Gasanov kecha, 12 sentyabr kuni Toshkentga keldi. Bu uning Instagram sahifasiga joylashtirgan suratlaridan ma’lum.
Ma’lumotlarga qaraganda, Gasanovni O‘zbekistonga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kuyovi – Prezident xavfsizlik xizmati raisining birinchi o‘rinbosari – Triatlon federatsiyasi raisi Otabek Umarov taklif qilgan. Gasanov Toshkentga yo‘lga chiqarkan, ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga video joylashtirib, “Otabek aka, kuting” deb gapirgan edi.
Kecha Toshkentga kelgan Gasanov poytaxtda yuqori darajada qarshi olingan. Hatto, poytaxtning Mirobod ko‘chasi, “Grand Mir” mehmonxonasi qarshisidagi monitorga blogerning surati bilan “Guseyn Gasanov, O‘zbekistonga xush kelibsan!” degan yozuv joylashtirildi.
Gasanov yuqori martabali mehmonlar kabi so‘nggi rusumdagi Mercedes-Benz avtomobilida yurgan. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi YHXBBga tegishli xizmat avtomobili esa unga yo‘lboshchilik qilgan.
Bloger Toshkentdagi “International” mehmonxonasiga joylashgan. U bugun, 13 sentyabr kuni tongda Samarqand shahriga uchib ketgan. E’tiborli jihati shundaki, Gasanov umumiy reysda emas, balki alohida reys bilan, shaxsiy samolyotda Samarqandga uchgan. Bu samolyot esa kimga tegishli ekani ma’lum emas.
Joriy yilning 26 avgust kuni Samarqand shahrida “Sharq taronalari” o‘n ikkinchi xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etish uchun ko‘plab mashhur blogerlar O‘zbekistonga kelgan edi. Balki, Gasanov ham Qo‘qonda o‘tayotgan I Xalqaro hunarmandchilik festivali uchun O‘zbekistonga taklif qilingandir.
Eslatib o‘tamiz, Guseyn Gasanovning Instagram’dagi sahifasini 11,5 million foydalanuvchi kuzatib boradi.
LiveBarchasi