Prokuror Guseyn Gasanovga 6 yil qamoq so‘radi
Madaniyat-san’at
−
01 avgust 4513 2 daqiqa
Prokuratura Moskvaning Presnenskiy rayon sudidan bloger Guseyn Gasanovga jinoiy yo‘l bilan olingan pul mablag‘larini legallashtirish bo‘yicha da’vo ishi yuzasidan sirtdan 6 yillik umumiy tartibli koloniya jazosini tayinlashni so‘radi. Bu haqda “Kommersant’” xabar beradi.
Qayd etilishicha, ozodlikdan mahrum qilishdan tashqari, davlat ayblovchisi unga 155 million rubl miqdorida jarima va ikki yilga ozodlikni cheklash jazosini qo‘llashni so‘ramoqda.
Tergov talqiniga ko‘ra, 2019-2021 yillarda Gasanov 175 million rubldan ortiq soliqni to‘lashdan bo‘yin tovlagan. Soliq qarzdorligi uzilganidan so‘ng ushbu modda bo‘yicha jinoiy tugatilgan. Biroq tergovning hisoblashicha, bloger ushbu mablag‘larning qariyb 68 million rubblik qismini ko‘chmas mulk sotib olish orqali legallashtirgan.
Guseyn Gasanovning o‘zi aybini tan olmayapti. Uning himoyasi tergov tomonidan legallashtirilgan deb hisoblangan mablag‘larning bir qismi qonuniy kelib chiqishga ega ekanini va jinoiy niyat mavjudligiga hech qanday dalil keltirilmaganini ta’kidlamoqda.
Ma’lumot uchun, Guseyn Gasanov eng mashhur rus tilli blogerlardan biri sifatida tanilgan. Unga keng mashhurlikni hajviy roliklar, qimmatbaho avtomobillar bilan yutuqli o‘yinlar (givlar), shuningdek, avvalroq ko‘plab bahslar va xaridorlarning e’tirozlariga sabab bo‘lgan “Millioner fikrlashi” nomli pullik onlayn-kursi olib kelgan.
Eslatib o‘tamiz, Moskvaning Chertanovskiy sudi 2025 yilning 14 may kuni Gasanovni jinoyatdan olingan daromadlarni legallashtirish ishi doirasida sirtdan hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqargan edi. Unga Rossiya Jinoyat kodeksining 174-moddasi 4-qismi (jinoyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Mazkur modda bo‘yicha unga 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tahdid soladi.
Live
Barchasi