Guljahon Yo‘ldoshevaning advokati ehtiyot chorasidan norozi

Intervyu

Joriy yilning, 6 oktyabr kuni Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva Zangiota tumanida joylashgan tergov hibsxonasining ayollar bo‘linmasidan ozod qilinib, unga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish ehtiyot chorasi uy qamog‘ida saqlash chorasiga o‘zgartirilgani haqida xabar bergan edik.

Sudning qaroriga ko‘ra, hibsxonadan ozod qilingan Yo‘ldosheva uy qamog‘i davrida uydan chiqmasligi, telefondag foydalanmasligi, intervyu bermasligi va ijtimoiy tarmoqlarga kirmasligi belgilangan. 

Yo‘ldoshevaning advokati Xushnud Axrorovga ko‘ra, ayblanuvchiga nisbatan qo‘llanilgan ehtiyot chorasi  biroz qattiq advokat unga belgilangan qoidalarni yumshatish talabi bilan sudga murojaat qildi. 

Bugun, 12 oktyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudida Yo‘ldoshevaning advokati tomonidan uy qamog‘i ehtiyot chorasining shartlarini yumshatish bo‘yicha kiritgan appelyatsiya shikoyati asosida yopiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

Appelyatsiya sudi davomida ehtiyot chorasi o‘zgartirishsiz qoldirildi. Bu haqda advokat Hushnut Axrorov shunday deydi.

“Hozirgi kunda Toshkent viloyati Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya bosqichiga, himoyam ostidagi Yo‘ldoshevaga nisbatan Chirchiq shahar Jinoyat ishlar sudi tomonidan tanlangan ehtiyot chorasi cheklovlari juda qattiq bo‘lganligi bois appelyatsiya shikoyati kiritdim. Appelyatsiya sudi tomonidan tanlangan ehtiyot chorasi o‘z kuchida qoldirilishi, lekin bu cheklovlar juda qat’iy emasligi, tergov organiga yozma ravishda murojaat qilib, farzandlar tarbiyasi, ya’ni maktabga sport mashg‘ulotlariga olib borib, olib kelishini so‘rab murojaat qilishimiz mumkinligi aytildi.

Yana shuni aytib o‘tishim mumkin, himoyam ostidagi Yo‘ldasheva COVID-19 xastaligini boshdan kechirgan, unda og‘irlashtiruvchi holatlar nafaqat o‘pkada, balki yurak qismi va oyoq xolsizlanishi, zaiflanishi tufayli, tegishli tor mutaxassislar ko‘rigidan o‘tish bo‘yicha shifoxonalarga murojaat qilish huquqlari mavjudligi, bu holatlar bo‘yicha dastlabki tergov organiga yozma iltimosnoma bilan murojaat qilingan taqdirda, o‘z ruxsatini berish haqida qo‘shimcha tushuntirishlar berildi. Shu bois Chirchiq shahar prokuraturasi tergovchisiga yozma ravishda murojaat qilamiz.
Tergovchi bilan bog‘lanib tushuntirishlar haqida suhbatlashganimdan so‘ng, yozma ravishda murojaat qilishim haqida aytdim. Yaqin soatlarda yozma iltimosnoma kiritaman va o‘ylaymanki, ijobiy hal bo‘ladi. Agar ijobiy hal bo‘lmagan taqdirda ham tergov organi xolisligi va beg‘arazligi yana bir karra shubhalarim asosli ekanini isbotlaydi.

Guljahon Yo‘ldashevaga ehtiyot chora shartlari etib yashash joyidan hech qayerga chiqmaslik, yaqin qarindoshlaridan boshqa hech kim bilan gaplashmaslik, telefon orqali hech kim bilan muloqot qilmaslik belgilangan. Himoyam ostidagi Yo‘ljosheva ajrimdagi ehtiyot chorada ko‘rsatilganidan tashqari tergov organi tomonidan qo‘shimcha talablar yozilgan qo‘lyozma taqdim etganlarini ham aytib o‘tdi. Lekin shuni aytishim mumkin, tergov organining bunday ish qilishga huquqi yo‘q. Faqat sud tomonidan tanlangan ehtiyot chora bilan cheklanishi zarur edi.

Noroziligimning yana bir sababini qayd etib o‘tsam, ehtiyot chorasi tanlash chog‘ida, e’tibor berib qarasak, aniqlash qismining 2-3 varrog‘i past qismida go‘yoki Yo‘ldosheva 2020 yilning 1 fevral kuni marhum Farrux Rustamovni Ruhiy-asab kasalliklari dispanserga jo‘natgani qayd etilgan. Bundan tashqari, 7 fevral kuni Toshkent viloyati Chirchiq shahar prokuraturasi qaroriga asosan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani to‘g‘risida yozilgan. Bu ishni shoshmashosharlik, yoki beparvolik aytish kerakmi, bilmadim. Bu xolat dastlabki tergov organi tomonidan keltirilgan fleshkadan chiqarish chog‘ida e’tiborsiz bo‘lib, bunday jiddiy xatolikka yo‘l qo‘yganlarini isboti, deb aytish mumkin.

20 yildan buyon advokatlik amaliyoti bilan shug‘ullanib kelaman. Ehtiyot choralarini tanlash sud vakolatiga kirgach, uy qamog‘i ehtiyot chorasi joriy etilgach, ushbu ehtiyot chorasiga bu qadar qattiq munosabat bildirilmagan edi. Har bir ish bir-biridan farq qilganidek, Yo‘ldoshevaning ishi kabi holat kuzatilmagan. Bugungacha olti nafar voyaga yetmagan farzandning onasini himoya qilmagandim. O‘ylaymanki, tergov organi cheklovlarni yumshatishi shart”, deydi advokat.

Yo‘ldosheva ishi 

Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori, viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva koronavirus kasalligiga chalingan bemor o‘limiga sababchi bo‘lish va 250 mln so‘m mablag‘ni talon-toroj qilishda ayblanib hibsga olingandi

U Zangiota tumanida joylashgan tergov hibsxonasining ayollar bo‘linmasida saqlanayotgan edi. 

Yo‘ldoshevaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi

Joriy yilning 8 sentyabr kuni shifoxona Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva majburiy tartibda tergovga olib kelinib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 207-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgan.
 
Prokuratura bayonotiga ko‘ra, ayblanuvchi Guljahon Yo‘ldosheva tergov harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgani, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgani, u tomonidan sodir etilgan jinoyat og‘ir jinoyatlar turkumiga kirishi, shuningdek, uning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga barham berish, qochib ketishining, dalillarni yashirishi yoki yo‘q qilib yuborishining oldini olish maqsadida protsessual tartibda ushlanib, sudning 9 sentyabrdagi ajrimi bilan unga nisbatan “qamoqqa olish” extiyot chorasi qo‘llanilgan.

Biz bugungacha ushbu ish yuzasidan Toshkent viloyati Chirchiq shahri prokurori Baxtiyor Ibrohimov, viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseri Bosh shifokori Feruza Shonosirova, Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasida vafot etgan shifokor Farrux Rustamovning rafiqasi Kamola Rustamova, Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nizom Abdullayev bilan suhbatlashdik. Ushbu intervyularda ular bir ovozda Guljahon Yo‘ldoshevani ayblagan. QALAMPIR.UZ voqealarga yanada aniqlik kiritish, ikkinchi tarafning fikrlarini tinglash maqsadida Guljahon Yo‘ldoshevaning himoyachisi Xushnud Axrorovga mikrofon tutdi.


Maqola muallifi

Teglar

Guljahon Yo'ldosheva Yuqumli kasalliklar shifoxonasi Bosh shifokori advokat Xushnud Axrorov

Baholaganlar

132

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing