Guljahon Yo‘ldoshevaga hibsxonada tazyiqlar bo‘lganmi? Shifokorning turmush o‘rtog‘i bilan suhbat

Intervyu

image

Joriy yilning, 12 oktyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudida Guljahon Yo‘ldoshevaning advokati tomonidan uy qamog‘i ehtiyot chorasi shartlarini yumshatish bo‘yicha kiritgan appelyatsiya shikoyati asosida yopiq sud majlisi bo‘lib o‘tgani va appelyatsiya sudi davomida ehtiyot chorasi o‘zgartirishsiz qoldirilgani haqida xabar bergan edik.

Sud majlisi yakuniga yetganidan so‘ng Yo‘ldoshevaning advokati sud majlisi va ehtiyot chorasidan noroziligi haqida bergan intervyusi QALAMPIR.UZ orqali e’lon qilindi.

Biz Guljahon Yo‘ldoshevaning turmush o‘rtog‘i Hikmatilla Mamaraimov bilan uchrashib, bo‘lgan voqealarga munosabati, hozirgi kunda uy qamog‘i ehtiyot chorasi shartlaridan nega norozilgi, Guljahon Yo‘ldosheva hibsxonada saqlanayotgan vaqtida farzandlarining tarbiyasi bilan kim shug‘ullangani haqida so‘radik.

Feruza Najmiddinova, jurnalist: —Turmush o‘rtog‘ingizni olib ketishgan kunni eslaysizmi?

Hikmatilla Mamaraimov, Guljahon Yo‘ldoshevaning turmush o‘rtog‘i: — Guljahon COVID-19 ga chalinganidan keyin ma’lum vaqt shifoxonada davolandi. Lekin shifokor Farrux Rustamov (Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida koronavirusdan davolanib, so‘ng vafot etgan shifokor – tahr.) bilan bo‘lgan voqealardan keyin, unga ko‘p qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi, davolanish jarayonida bezovta qilishdi. Shu bois davolanishni oxiriga ham yetkazmay, tergovchilar bilan uchrashib, tezroq guvohlik berishni istadi. 

7 sentyabr kuni o‘z qo‘li bilan ariza yozib, shifoxonadan chiqdi. O‘sha kun yodimda, oyijondan osh qilib berishlarini iltimos qildi. Uyga keldik, lekin ahvoli yaxshi emasdi.

Ertasi kuni Guljahon tergovga borishdan avval singlisi bilan go‘zallaik saloniga yo‘l oldi. Oradan bir necha soat o‘tgach, menga tanishlarim qo‘ng‘iroq qilib, Guljahonning avtomobilida ichki ishlar xodimlarini ko‘rishganini aytdi. Men shu zahoti rafiqamga qo‘ng‘iroq qildim. U ichki ishlar xodimlari go‘zallik saloniga kelishgani va uni olib ketmoqchi ekanlarini aytdi. Unga men bormagunimcha, joyidan qimirlamasligini uqtirdim. 

Men go‘zallik saloniga yetib borgach, ishki ishlar xodimlari hamrohligida prokuraturaga yo‘l oldik. Shu yerning o‘zida Glujahonga sanksiya berib, hibsga olishdi. Guljahon nima ish qilganki, uni qamab qo‘yishdi? Bu savol bizni juda qiynardi. Ochig‘i, hammamiz sarosimaga tushib qoldik. 
 
Men huquqlarimdan kelib chiqib, advokat yolladim va u bilan uchrashishga ketdim. Oradan biroz vaqt o‘tib, menga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Bolalarimning ahvoli, sharoitini bilish uchun uyimizga kelishgannini aytishdi. Advokatim bolalarga o‘zim qarashim, ota sifatida g‘amxo‘rlik qilishimni aytishimni maslahat berdi. Men agar bu tilxatni yozmasam, ular farzandlarimizni Mehribonlik uyiga olib ketishardi. 

Hozirgi kungacha bolalarga o‘zimiz qaradik. Onamda qandli diabet kasalligi bor, shunga qaramay, baholi qudrat farzandlarimizni parvarishlashga yordam beryaptilar.  

F.N.: — Turmush o‘rtog‘ingizning ishlari, undagi muammolarni bilarmidingiz?

H.M.: — Yo‘q, to‘g‘risi turmush o‘rtog‘imni ishiga aralashmayman. Lekin o‘z ishini yaxshi ko‘rishi, doim ishiga sidqidildan yondashishini bilaman.

F.N.: — Siz ularga qo‘yilgan ayblovlar rost ekaniga va u shunday qaltis harakatlar qilishiga ishonasizmi?

H.M.: — Yo‘q. Guljahon bunday ish qilmaydi. Men u bilan necha yildan buyon yashab kelyapman va uning qanday ekanini yaxshi bilaman. U doim halol ishlagan. Kerak bo‘lsa bemorlarim deb, yarim kechalari ham shifoxonaga borar edi. Aynan shu kabi kech yurish holatlari uchun ko‘p urishardik. Lekin u bemorlari uchun jonini kuydirib ishlagan.

F.N.: — Farzandlaringiz onasining qamoqda ekanini biladimi?

H.M.: — Ha, bildi. Avvaliga bilmagandi, yuqorida aytganimdek, Guljahon shifoxonada davolanayotgan edi, shu sababli ularga onasini shifoxonada deb aytdik. 

Birinchi sud majlisiga farzanlarim bilan bordim. Biz uni sud zalidan chiqarib yuborishadi, deb o‘ylagandik. Lekin unday bo‘lmadi. Sud zalidan tashqariga chiqqach, uni qamoqxonaning maxsus avtomobiliga  chiqarishayotganini ko‘rdik. Guljahon deb baqirdim, 3 yosh qizim avtomobil eshigigacha bordi, oyi deb yig‘ladi. Ichkarida Guljahon bolamni ko‘rsatinglar deb yalindi, lekin ruxsat berishmadi. 

F.N.: — Uy qamog‘i ehtiyot chorasining qanday shartlari bor va siz qaysilarini yengillatishni so‘rayapsiz?

H.M.: — Telefon orqali gaplashish mumkin emas. Uydan ko‘chaga chiqmaslik, oynadan qaramaslik, eshik oldiga bormaslik belgilangan. Qo‘shimcha qilishni istardimki, Guljahon barcha qo‘yilgan talablarni bajaryapti. Hech qaysi qoidani buzmadi. Biz apellyatsiya shikoyati bilan sudga murojaat qilishimizning sababi esa, hozir barcha darslar onlayn bo‘lgan va bolalarimiz hammasi unda qatnashadi. Darslarda qatnashish va uy vazifalarini tayyorlashda onasining o‘rni bo‘lak. Davlatning o‘zi ota-onalardan onlayn darslarni kuzatib borishni va farzandlari bilan birga uyga vazifalarni tayyorlashni talab qilyapti, axir. Keyin bolalarning sport mashg‘ulotlari ham bor. Men yo ishlab, ro‘zg‘or tebratishim, yo bolalar bilan shug‘ullanishim kerak. 

Bundan tashqari, yuqorida ham aytib o‘tdim, Guljahon COVID-19 dan to‘liq sog‘aymagan va unga shifokor yordami zarur.

F.N.: — Ma’lum vaqt Zangiotada ayollar hibsxonasida bo‘ldilar. Ana shu davrda ularga nisbatan tazyiqlar bo‘lganmi? Bu haqda o‘zlaridan so‘radingizmi?

H.M.: — Yo‘q. Men uyga kelishi bilan hibsxonada qanday qiyinchilik bo‘ldi deb so‘raganimda, “qiyinchilik bo‘lmadi, meni qiynashmadi, faqat bolalarim, oilamdan uzoq bo‘lganim menga azob berdi”, deb aytdi.

Yo‘ldosheva ishi 

Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori, viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva koronavirus kasalligiga chalingan bemor o‘limiga sababchi bo‘lish va 250 mln so‘m mablag‘ni talon-toroj qilishda ayblanib hibsga olingandi

U Zangiota tumanida joylashgan tergov hibsxonasining ayollar bo‘linmasida saqlanayotgan edi. 

Yo‘ldoshevaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi

Joriy yilning 8 sentyabr kuni shifoxona Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva majburiy tartibda tergovga olib kelinib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 207-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgan.
 
Prokuratura bayonotiga ko‘ra, ayblanuvchi Guljahon Yo‘ldosheva tergov harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgani, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgani, u tomonidan sodir etilgan jinoyat og‘ir jinoyatlar turkumiga kirishi, shuningdek, uning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga barham berish, qochib ketishining, dalillarni yashirishi yoki yo‘q qilib yuborishining oldini olish maqsadida protsessual tartibda ushlanib, sudning 9 sentyabrdagi ajrimi bilan unga nisbatan “qamoqqa olish” extiyot chorasi qo‘llanilgan.

Biz bugungacha ushbu ish yuzasidan Toshkent viloyati Chirchiq shahri prokurori Baxtiyor Ibrohimov, viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseri Bosh shifokori Feruza Shonosirova, Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasida vafot etgan shifokor Farrux Rustamovning rafiqasi Kamola Rustamova, Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nizom Abdullayev bilan suhbatlashdik. Ushbu intervyularda ular bir ovozda Guljahon Yo‘ldoshevani ayblagan. QALAMPIR.UZ voqealarga yanada aniqlik kiritish, ikkinchi tarafning fikrlarini tinglash maqsadida Guljahon Yo‘ldoshevaning himoyachisi Xushnud Axrorovga mikrofon tutdi.


Maqola muallifi

Teglar

Guljahon Yo'ldosheva

Baholaganlar

696

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing