Gulnora Karimovaning pullari O‘zbekistonga qaytarilgach, nimalarga sarflanadi?
Bu qiziq
−
17 avgust 2022
25633O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi – sobiq Fond Forum Vasiylik kengashi raisi Gulnora Karimovaning noqonuniy yo‘llar bilan orttirgan va Shveysariya banklarida saqlanayotgan 131 million AQSH dollari miqdoridagi pullari O‘zbekistonga qaytarilgach, ijtimoiy soha, xususan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga yo‘naltiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi tomonidan berilgan bayonotda aytiladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti rasmiy vakilining Nyu-Yorkda o‘tgan brifingda aytishicha, mablag‘lar O‘zbekistonga bir necha transh shaklida keladi.
Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi va Shveysariya Konfederatsiyasi o‘rtasidagi Shveysariya Konfederatsiyasi hududida konfiskatsiya qilingan noqonuniy orttirilgan aktivlarni O‘zbekiston Respublikasi aholisining manfaatlarida qaytarish yo‘llari to‘g‘risida”gi bitim quyidagi prinsiplarga ega:
• ochiqlik va oshkoralik, restitutsiya to‘g‘risidagi axborotni jamoatchilikka ochiq e’lon qilish,
• ushbu jarayonda fuqarolik jamiyatining ishtiroki;
• qaytarilgan mablag‘larni pirovardida ijtimoiy sohaga, xususan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga yo‘naltirilishi;
• O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasida restitutsiya masalalari bo‘yicha doimiy, samarali va o‘zaro hurmatga asoslangan muloqotning davom ettirilishi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash koloniyasida saqlanmoqda. U koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan va 7-otryadning 2-sektoriga (umumiy rejimdagi) joylashtirilgan.
2020 yilning 18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.
O‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar ko‘rsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.
Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.
Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, Gulnora Karimova joriy yilning 8 iyul kuni 50 yoshni qarshiladi. Uning o‘g‘li Islom Karimov Londonda istiqomat qilmoqda. U uylangan, bir nafar farzandi bor. Qizi Imon Karimova ham Londonda o‘qishni davom ettirmoqda va u ba’zan O‘zbekistonga kelib turadi. Imon Karimova buvisi Tatyana Akbarovna Karimova va xolasining qizi Maryam Tillyayeva bilan uzilib ketgan munosabatlarni tiklagan.
Karimovlar oilasining kenja qizi Lola Karimova-Tillyayeva Islom Karimov vafotidan keyin O‘zbekistonni tark etgan. U AQSHdan turib Islom Karimov nomidagi Respublika jamoat fondini yuritmoqda. Shuningdek, “The harmonist” attorlik mollari brendiga ham asos solgan. Birinchi Prezidentning bevasi Tatyana Karimova esa Toshkentda yolg‘iz istiqomat qilmoqda. U 26 avgust kuni 74 yoshni qarshilaydi.
LiveBarchasi