Gulnora Karimovaning qizi qamoqqa kiritilmayotganini aytmoqda
Jamiyat
−
23 aprel 2021
44091O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning nabirasi Imon Karimova o‘ziga tayinlangan jazoni o‘tayotgan onasi Gulnora Karimova bilan uchrasha olmayapti. Bu haqda u Instagram’dagi sahifasida yozib qoldirgan.
Imon Karimova iddaosicha, u onasi bilan uchrashish uchun Gulnora Karimova jazo o‘tayotgan 21-sonli jazoni ijro etish koloniyasiga rasman murojaat qilgan. JIEK rahbari Gulruh Rasulova Imonga qo‘ng‘iroq qilib, u onasi bilan uchrasha olmasligini aytgan.
“Gulrux Rasulovaning aytishicha, Zangiota koloniyasida men va onamning uzoq muddatli uchrashuvi uchun sharoit yo‘q. “Rahbariyat” bizga uzoq muddatli uchrashuvga ruxsat berishni maqsadga muvofiq emas deb topgan. Shartlar boshqalar va biz uchun aftidan farqli bo‘lishi kerak, ammo qanday qilib tushunarsiz. Men bungacha bir xil sharoitda uchrashishga ruxsat berishganini aytganimga qaramay, izoh berishmadi”, deydi Imon Karimova.
Uning aytishicha, Gulrux Rasulova Imon Karimova xorijiy davlatdan kelgani uchun “rahbariyat” uchrashuvga ruxsat bermaganini aytgan.
“Buning rad qilishlari bilan qanday aloqasi bor tushunarsiz, negaki men 3 marta koronavirusga test topshirdim va barcha natijalar manfiy chiqdi”, deydi Karimova.
Shundan so‘ng, Karimova Rasulova bilan kelishganidek, murojaatiga yozma raddiya olish uchun 21-sonli JIEKga kelgan. Ammo 4 soat kutgan hamki, xatni ololmagan.
“4 soat 21-sonli JIEK darvozasi oldida turdim. Kechagi suhbat chog‘ida Gulrux Rasulova onam bilan uchrashish masalasida yozma raddiya berishiga kelishgan edik. Bugun u suhbat haqida eslay olmadi ham. 3,5 soatdan keyin u mening oldimga chiqib, taajjub bilan “iya, siz bu yerda nima qilyapsiz”, dedi”, deya bo‘lgan voqeani so‘zlab bergan Karimova.
Imon Karimova shundan so‘ng, 20 daqiqa koloniya rahbarining xotirasini tiklashga uringan, ammo natija bo‘lmagan.
“Gulrux Rasulova menga yozma raddiya berish-bermasligi haqidagi savolimga u tushunarsiz jumla bilan javob berdi, emishki “rahbariyat” yozma raddiya berishni maqsadga muvofiq deb topmagan. Ammo u og‘zaki javob berdi”, degan Imon Karimova.
U koloniya mas’uliga 3 kun oldin odamlar uzoq muddatli uchrashuvga kirganini, bugun (kecha) ham 5 kishi qisqa muddatli uchrashuvga kirganini aytgan.
“Bizda bu yerda 3 kunni qo‘ying, har kuni barchasi o‘zgaradi. Bizda sharoit standartlarga mos emas. Umuman olganda mamlakatda 1-sanadan karantin boshlanyapti”, deya Gulrux Rasulovaning so‘zlarini keltirgan Imon Karimova.
Eslatib o‘tamiz, Imon Karimova bir necha kun oldin O‘zbekistonga qaytdi. Uning qaytgani Instagram’dagi postlaridan ma’lum bo‘ldi.
Ma’lumki, Karimovlar oilasining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova 2013 yildan buyon jinoyatlari uchun javob bermoqda. U ayni vaqtda hibsda. Oilaning kenjasi Lola Karimova-Tillyayeva esa turmush o‘rtog‘i Timur Tillyayev va farzandlari bilan AQSHga ko‘chib o‘tgan. Gulnora Karimovaning farzandlari Islom va Imon esa ayni vaqtda Londonda tahsil olmoqda. Karimovlar oilasidan faqat Tatyana Karimova O‘zbekistonda istiqomat qilmoqda. U Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish va Karimov nomidagi Respublika jamoat fondi faoliyatini yuritishda bosh-qosh.
Lola Karimovaning qizi Maryam esa kuni kecha taniqli rus blogeri Amiran Sardarovga turmushga chiqdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimovaning farzandlari Islom Karimov va Imon Karimovaning oilaning boshqa a’zolari, xususan xolasi Lola Karimova Tillyayeva va buvisi Tatyana Karimova bilan aloqasi yo‘q. Bir vaqtlar Tatyana Karimova Imon Karimovani Toshkentda olib qolishga uringani, unga uy bergani, biroq Imon buni qabul qilmagani haqida gap-so‘zlar mavjud.
Eslatib o‘tamiz, Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova buvisi Tatyana Karimova va xolasi Lola Karimova-Tillyayeva bilan 2017 yilning avgust oyida poytaxt Toshkentda Islom Karimov haykali ochilish marosimida qatnashgan edi.
LiveBarchasi