Gulluning qizi onasini o‘ldirishni rejalashtirganmidi? Yangi kadrlar paydo bo‘ldi (video)

Olam

image

Turkiyalik xonanda Gulluning o‘limi bo‘yicha tergovda yangi videokadrlar paydo bo‘ldi. Unda xonandaning qizi Tug‘yan Ulkem Gulter voqeadan keyin politsiya xodimlari bilan birga uyga kirib kelgani va vahima ichida onasining ahvoli haqida qayta-qayta so‘ragani aks etgan. Bu haqda “Haberler” xabar berdi.

“Gullu” nomi bilan tanilgan 52 yoshli Gul Tut 2025 yilning 26 sentyabr kuni Yalova viloyati Chinarjik tumanidagi uyining 6-qavatidan yiqilib, vafot etgandi. O‘sha vaqtda u qizi va uning dugonasi bilan birga bo‘lgan. Dastlab hodisa baxtsiz voqea sifatida baholangan. Xonandaning o‘g‘li ham ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan uning o‘z joniga qasd qilgani haqidagi xabarlarni rad etib, onasi baxtsiz hodisa oqibatida vafot etganini bildirgan.

Biroq keyinchalik ish bo‘yicha tergov davom ettirilib, xonandaning qizi Tug‘yan Ulkem Gulter va uning do‘sti Sulton Nuro‘g‘li gumonlanuvchiga aylangan. Gulter “qasddan odam o‘ldirish” ayblovi bilan hibsga olingan, Sulton Nuro‘g‘liga esa uy qamog‘i tayinlangandi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa sodir bo‘lgan kechasi Tug‘yan do‘sti Sulton Nuro‘g‘lidan onasi yaxshi ko‘radigan “Malkata” nomli lo‘li kuyini qo‘yishni so‘ragan. Gullu hammomdan chiqqach, musiqa ovozini eshitib, qizining xonasiga kirgan. U yerda birga qo‘shiq kuylab, raqsga tushgan. Prokuratura qo‘shiq Gulluni aynan shu xonaga olib kirish uchun ataylab qo‘yilgan, deb hisoblagan.

Shuningdek, Istanbul texnika universiteti tomonidan hodisa vaqtida yozib olingan kamera audioyozuvlari tahlil qilingan. Ekspert xulosasida Gullu yiqilishi oldidan yosh ayol ovozida masxaralash va quvnoq ohangda “Xo‘sh, ko‘rishamiz” degan gap eshitilgani qayd etilgan. Prokuratura bu so‘zlarni Tug‘yan aytgan, degan xulosaga kelgan. Ayblov xulosasida shundan keyin u onasini ikki qo‘li bilan sonlaridan ushlab, oyoqlarini yerdan uzgan va derazadan uloqtirgani aytilgan.

Hodisa vaqtida xonada bo‘lgan Sulton Nuro‘g‘li dastlab Gullu mast bo‘lgani va derazadan o‘zi yiqilgani haqida ko‘rsatma bergan. Keyinchalik esa voqea boshqacha sodir bo‘lganini aytgan. Uning keyingi ko‘rsatmalarida Tug‘yan onasini derazadan uloqtirgani aytilgan. Shuningdek, uning advokati bilan telefon orqali yozib olingan suhbatida guvoh Tug‘yan jazodan qutulib qolishini istamasligini, prokuraturaga borib haqiqatni aytishini bildirgani aniqlangan. Prokuratura ushbu audioyozuv guvohning keyinchalik bergan ko‘rsatmalarini tasdiqlaydi, deb hisoblagan.

Sud-tibbiy va toksikologik ekspertizaning natijalariga ko‘ra, Gulluning qonida 3,53 promille alkogol aniqlangan. U qabul qilgan dorilar zaharli miqdorda bo‘lmagan. Shuningdek, uning zaharlanganini ko‘rsatuvchi tibbiy dalillar topilmagan. Xonanda 18 metr balandlikdan beton yuzaga tushgani va bosh suyagi, umurtqa pog‘onasi, ichki a’zolari hamda yirik qon tomirlari jarohatlangani oqibatida ichki qon ketishidan vafot etgani qayd etilgan.

Yalova Bosh prokuraturasi 11 oy davom etgan tergovni yakunlagan. Shuningdek, prokuratura xabarlar, guvohlarning ko‘rsatmalari, audioko‘rsatmalar transkripsiyasi, ekspertiza xulosalari va hodisadan keyingi xatti-harakatlarni birgalikda baholab, Tug‘yan Ulkem Gulter onasini o‘ldirishni oldindan rejalashtirgan, degan xulosaga kelgan. Ayblov xulosasida hibsda saqlanayotgan gumonlanuvchiga “to‘g‘ri nasabdagi qarindoshini qasddan o‘ldirish” ayblovi bilan afv etish imkoniyatisiz umrbod qamoq jazosi berish so‘ralgan.

Sulton Nuro‘g‘liga esa “yolg‘on ko‘rsatma berish” ayblovi bilan 4 yilgacha qamoq jazosi so‘ralgan. Sud jarayoni yaqin kunlarda boshlanishi kutilmoqda.

Endi e’lon qilingan yangi kadrlarda esa Tug‘yan Ulkem Gulter politsiya xodimlari bilan birga xonadonga kirib kelayotgani ko‘rinadi. Keyingi tasvirlarda u vahima ichida politsiyachilardan bir necha bor: “Onam nega bunday gapiryapti, onam yaxshimi?” deb so‘ragan. Kadrlarda Sulton Nuro‘g‘li ham aks etgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing