Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga integratsiyasi muzlatilgan – elchi

Olam

image

Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga kirish jarayoni “Xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonun tufayli amalda to‘xtatilgan. Bu haqda “Interpress” axborot agentligi ittifoqning mamlakatdagi elchisi Pavel Gerchinskiyga tayanib xabar berdi.

Gerchinskiy ayni damda Gruziya va YeI o‘rtasidagi munosabatlarda juda qiyin davr boshlanganligini aytib, “Xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga integratsiyalashuvini muzlatib qo‘ygani yaqqol ko‘rinib turganini aytdi.

Elchining so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning Tashqi ishlar vazirlari iyun oyining oxirlarida Lyuksemburgda yig‘ilgan holda, Gruziyaning maqomini muhokama qiladi.

“Keyingi qadamlar bo‘yicha turli variantlar tayyorlangan va ittifoqqa a’zo davlatlar bu menyudan qaysi variantni amalga oshirishni hal qiladilar”, deydi Yevropa Ittifoqining Gruziyadagi rasmiy vakili.

Ma’lumot o‘rnida, Gruziya hukmron doiralari tomonidan ilgari surilgan moliyalashning 20% dan ortig‘i chet eldan turib amalga oshiriladigan tashkilotlarni “xorijiy agent” sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishni talab qiluvchi qonun mahalliy tanqidchilar tomonidan avtoritar deb tanqid qilingandi. Biroq Gruziyaning hukmron partiyasi buni moliyalashtirish shaffofligini ta’minlash uchun zarur qadam deb atadi.

Ikki oy davomida qonun loyihasining muxoliflari Gruziyada 1991 yilda Moskvadan mustaqillikka erishganidan buyon eng yirik norozilik namoyishlarini o‘tkazib, qonunni bekor qilishga undadi. Shuningdek, Qo‘shma Shtatlar, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya qonunni qayta-qayta tanqid qilib, Gruziyani uning qabul qilinishi Yevropa Ittifoqiga to‘liq a’zo bo‘lish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini to‘xtatib qo‘yishi haqida ogohlantirgan edi.

Janubiy Kavkaz davlati o‘tgan yilning dekabr oyida nomzod maqomiga ega bo‘lgan, biroq Yevropa Ittifoqi rasmiylari Gruziya qo‘shilishdan oldin bajarishi kerak bo‘lgan ba’zi muhim islohotlarni amalga oshirishni kechiktirayotganligini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, 3 iyun kuni Gruziya parlamenti raisi Shalva Papuashvili mamlakat Prezidenti, G‘arb elitasi va namoyishchilarning keskin qarshiliklariga qaramay, “Xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonunni imzolagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Gruziya Evropa Ittifoqi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing