Gruziyaning hukmron partiyasi mamlakat Prezidentini “taxtdan tushirmoqchi”
Olam
−
01 Sentabr 2023
5878Hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi mamlakat Prezidenti Salome Zurabishviliga qarshi impichment jarayonini boshladi. Bu haqda partiya rahbari Irakliy Kobaxidze partiya yig‘ilishidan so‘ng aytib o‘tdi.
“Impichmentni yakunlash uchun 100 nafar parlamentariyning qo‘llab-quvvatlashi zarur va shunga ko‘ra, radikal muxolifatning ovozisiz uni ijro etish istiqboli yo‘q. Shunga qaramay, partiya siyosiy kengashi yig‘ilishida biz Prezidentga qarshi impichment jarayonini boshlashga qaror qildik”, deydi Kobaxidze.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Zurabishvili konstitutsiyani qo‘pol ravishda buzgan. Prezident tashqi siyosatda vakillik funksiyalarini faqat hukumat roziligi bilan amalga oshirishi mumkin.
Gap shundaki, Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili hukumat taqiqlaganiga qaramay kecha, 31 avgust kuni Germaniyaga borgan.
Kobaxidzening iddao qilishicha, Prezidentning impichmenti radikal muxolifat va Salome Zurabishvilining Gruziyaning davlat manfaatlariga, jumladan, YeIga a’zolik uchun nomzod maqomini olishga qaratilgan umumiy kun tartibini fosh qiladi.
“Gruziya Konstitutsiyasi u buzilgan taqdirda faqat bitta samarali huquqiy mexanizmni – impichmentni nazarda tutadi”, deydi u.
Bildirilishicha, parlament ko‘pchilik a’zolarining imzolari yaqin vaqt ichida to‘planadi va impichment jarayoni bo‘yicha taqdimnoma Konstitutsiyaviy sudga yuboriladi.
Qonun bo‘yicha qaror qabul qilish uchun bir oy bor sudning xulosasi oktyabr oyi boshida, parlamentda ovoz berish esa, partiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, taxminan oktyabr oyining o‘rtalarida kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, Gruziyaning navbatdagi Prezidenti 2024 yilda umumxalq ovoz berish yo‘li bilan emas, balki o‘sha yilga belgilangan parlament saylovlaridan so‘ng darhol parlament ko‘pchilik tomonidan saylanadi.
LiveBarchasi