Gruziyalik deputat Blinken va AQSHning qo‘lidan hech narsa kelmasligini aytdi
Olam
−
23 may
9222AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning Gruziya chet el agentlari haqidagi qonunni qabul qilgudek bo‘lsa, AQSH va Yevropa Ittifoqi mamlakatga sanksiya kiritishi haqidagi ogohlantiruvi “quruq gap”. Bu haqda Gruziya parlamentining ko‘pchilikni tashkil etuvchi “Xalq kuchi” partiyasi a’zosi Sozar Subari Facebook’da Blinkenga yozgan ochiq xatida so‘z ochdi.
“Bu qonunning maqsadi, mening chuqur ishonchimga ko‘ra, Gruziya hukumatini sizning ma’muriyatingiz hujumlaridan himoya qilishdan boshqa narsa emas. Shuni unutmangki, xandaqda mahkam o‘tirgan to‘g‘ri odamni ko‘p narsa, birinchi navbatda, uni nohaq xafa qilmoqchi bo‘lishganini anglash kuchli qiladi. Shunday ekan, sizning tahdidlaringiz ham xalq qo‘llab-quvvatlamay turib, inqilob qilishga urinishlar kabi bo‘sh va behudadir”, deydi u.
Deputatning urg‘ulashicha, AQSH xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaydigan nodavlat tashkilotlar va siyosiy partiyalar qo‘li orqali mamlakatni itoatkor boshqaruvga qaytarishga urinmoqda, shuning uchun bu g‘oya barbod bo‘ldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSHning hozirgi ma’muriyati “do‘stlik” va “strategik sheriklik” so‘zlari salbiy ma’noga ega bo‘lishi uchun hamma narsani qildi. Siyosatchining ishonchi komilki, Qo‘shma Shtatlar gruzin xalqi irodasiga qarshi ish tutmoqda va agressiv ozchilikni ko‘pchilikka qarshi zo‘ravonlikka undamoqda.
Eslatib o‘tamiz, Blinken kecha, 22 may kuni Vakillar palatasi Tashqi ishlar qo‘mitasida o‘tkazilgan tinglovda Vashingtonni xorijiy agentlar haqidagi qonun loyihasidan juda xavotirda ekanini aytdi va bu “gruzinlar katta qismining Yevropa Ittifoqiga integratsiyaga intilish istagiga aniq zid degan fikrni bildirdi. Unga ko‘ra, AQSH va Yevropa Ittifoqi Gruziyaning xorijiy agentlar haqidagi qonuni ortidan ushbu mamlakatga qarshi chora ko‘rmoqchi.
Rossiyaparast qonun mashmashasi
14 may kuni Gruziya parlamenti “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonunni uchinchi o‘qishda qabul qildi, bu esa Yevropa Ittifoqining mamlakatning Yevropa Ittifoqiga integratsiyalashuvini to‘xtatib qo‘yish tahdidlari haqida keskin bayonotlarga sabab bo‘ldi. Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili 18 may kuni qonunga veto qo‘ygan edi. Avvalroq Bosh vazir Irakliy Kobaxidze, agar Prezident tomonidan berilgan asosli izohlar maqbul bo‘lsa, parlament veto qo‘yishni qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini aytgan edi. Shu bilan birga, Zurabishvili ta’kidlaganidek, u o‘zgartirishlar kiritmaydi, chunki qonunni qabul qilish mumkin emas.
18 may kuni Zurabishvili chet el agentlari to‘g‘risidagi qonunga veto qo‘yib,uni bekor qilish kerakligini, chunki u Yevropa standartlariga zid va uni qabul qilish mumkin emasligini aytdi. Keyinroq OAVda prezidentning parlamentga aytgan so‘zlari tafsilotlari paydo bo‘ldi. Ularda u qonunning bandlariga hech qanday o‘zgartirish kiritmaydi va kuchga kirgandan keyingi kun uni bekor qilishni taklif qiladi.
“Xorijiy ta’sirning ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqish joriy yilning aprel oyida boshlangan. O‘shandan beri Gruziyada keng ko‘lamli namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Bir necha marta ular xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvga aylangan. Qonunga AQSH, Yevropa Ittifoqi, BMT, NATO, YeXHT va Yevropa Kengashi qarshi chiqmoqda. Yevropa yetakchilari bu qonun Yevropa qadriyatlariga zid ekanini aytadi. Gruziyaning hukmron partiyasi yetakchilarining ta’kidlashicha, u faqat nodavlat sektor va ommaviy axborot vositalarining xorijdan moliyalashtirilishi shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi.
LiveBarchasi