Gruziyadagi talato‘plarda AQSHning qo‘li bormi?
Olam
−
10 mart 2023
8208Avval xabar berganimizdek, Gruziyada xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilinishi ortidan namoyishlar avj olgan edi. Rossiya Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodinning fikricha, bu harakatlarda AQSHning qo‘li bor. Bu haqda u o‘z Telegram-kanalida yozgan.
Volodinga ko‘ra, xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun Vashingtonning mamlakatning ichki siyosiy hayotiga ta’sirini cheklab qo‘yadi. Shuning uchun ham uning qabul qilinishi AQSH uchun nomaqbul bo‘lgan.
Uning fikricha, rasmiylar loyihani qaytarib olishga qaror qilgani sababli, Gruziya suverenitet uchun imkoniyatni boy bergan. Agar hujjat qabul qilinsa, Gruziya siyosiy partiyalarni yoki oddiy qilib aytganda, Gruziyaga qarshi kun tartibini tashkil etuvchi muxolifat, ommaviy axborot vositalari, jamoat tashkilotlarini moliyalashtirish uchun chetdan kelayotgan mablag‘larni nazorat qila olardi.
Shuningdek, Volodinning Gruziyadagi norozilik namoyishlari Vashington yordami bilan uyushtirilganini da’vo qilgan.
“AQSH yumshoq kuch vositalaridan foydalanish orqali odamlarni ko‘chaga olib chiqdi. Gruziya hukumati xalq irodasiga emas, AQSHga bo‘ysunishga majbur bo‘ldi”, deydi Davlat Dumasi spikeri.
Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun loyihasi parlamentda ko‘rib chiqilayotganda deputatlar mushtlashib ketgan edi. Keyinchalik qonun parlament muhokamasidan o‘tgach, mamlakatda namoyishlar boshlandi. Xavfsizlik kuchlari namoyishchilarni suv purkagichlar va ko‘zni yoshlantiruvchi gaz yordamida tarqatib yuborishga urindi. “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” partiyasi namoyishlar fonida parlamentdan chet el agentlari haqidagi qonun loyihasini chaqirib olishga qaror qildi. Biroq bunga qaramasdan, muxolifat namoyishlarni davom ettirishga chaqirdi. 10 mart kuni esa Gruziya parlamenti a’zolari mazkur qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda rad etdi.
LiveBarchasi