Gruziyadagi saylovda Putin “g‘alaba qozondimi?”
Tahlil
−
30 Oktabr
73042012 yili Gruziyada o‘tgan saylovlar zamonaviy Gruziya asoschisi Mixail Saakashvilining shonli davriga yakun yasab berdi. O‘sha paytdan boshlab mamlakat gruziyalik milliarder Bidzina Ivanishvili tomonidan asos solingan yangi partiya yo‘rig‘ida bo‘lib, o‘tgan 12 yil davomida Saakashvili merosi bilan tinimsiz kurashib kelgan holda hokimiyat jilovini hech kimga bermay kelmoqda. Saylovlar yili deb atalgan joriy 2024 yilda butun dunyo bo‘ylab 100 dan ortiq mamlakatda o‘tkaziladigan parlament va prezidentlik saylovlari mazkur Kavkazorti davlatida Bidzinaning ketma-ket uch marotabalik g‘alabasiga yakun yasash uchun imkoniyatdek ko‘ringandi. “Gruziyani qutqarish uchun birlik”, sobiq prezident Saakashvili asos solgan “Birlashgan milliy harakat” partiyasi va sobiq prezidentning eski hamkorlaridan tashkil topgan “O‘zgarish uchun koalitsiya” bloki uyushmasi kabilar amaldagi hukmron partiyani qulatishga urinib ko‘rdi. Ammo yakunda unday bo‘lmadi va bir necha kun ilgari o‘tkazilgan parlament saylovida “Gruziya orzusi” partiyasi o‘zining ketma-ket to‘rtinchi g‘alabasiga erishdi. Partiya parlament ichida sezilarli darajada ko‘p o‘rinlarni qo‘lga kiritib, mamlakat boshqaruvida yana asosiy boshqaruv paketiga ega chiqqaniga qaramay, Gruziya siyosiy elitasidagi vaziyat tarangligicha qolmoqda. Bu kelishmovchilik esa ko‘p ehtimol birgina qonun loyihasi va mazkur hujjat Gruziyani Yevropa Ittifoqi bilan bog‘lab turgan iplarni uzib tashlagani tufayli sodir bo‘lyapti. Bundan tashqari, 12 yildan buyon “taxt”dan tushmay kelayotgan “Gruziya orzusi” partiyasining Rossiya va Putinga moyil klan sifatida qarash mamlakatni uzoq vaqtdan buyon ikki lagerga bo‘lib yubordi. Xo‘sh, gruzinlarni 1 yildan buyon jig‘ibiyron qilib kelayotgan “xorijiy agentlar” haqidagi qonun va 2008 yilda mamlakatning 10 foiz hududini tortib olgan Rossiya bilan bugungi Gruziyadagi hukmron elitaning ehtimoliy aloqalari haqida nimalar ma’lum?
“Janjalli” qonun nimani anglatadi va u qanday yetildi?
Gruziyada “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi dastlab 2023 yilning boshlarida kun tartibiga chiqishni boshladi. Mart oyida keng tarqalgan noroziliklardan keyin ushbu qonun loyihasi qaytarib olindi. Vaqt o‘tib, qonun loyihasiga ma’lum o‘zgartirishlar kiritildi. Ammo o‘zgarishlar ushbu loyihadagi asosiy tushunchalarning nomlanishini o‘zgartirishdangina iborat bo‘ldi. Faqat ayrim atamalar o‘zgargan holda qaytadan ishlab chiqilgan loyihaning yangi tahririda ular “xorijiy ta’sir agenti” atamasini “xorijiy davlat manfaatlarini ko‘zlayotgan tashkilot” bilan almashtirishga qaror qildi, ammo boshqa jihatlarda u qaytarib olingan hujjatni to‘liq takrorladi. Qonun loyihasida “xorijiy agentlar” reyestrini yaratish ko‘zda tutilgan bo‘lib, uning eng muhim maqsadi, xorijiy donorlar ta’sirida faoliyat olib boradigan nodavlat va notijorat tashkilotlarni qattiq nazoratga olishdir. Unga ko‘ra, 20 foizdan ortiq xorijdan moliyalashtiriladigan barcha notijorat yuridik shaxslar va ommaviy axborot vositalari reyestrga kiritilishi va yillik moliyaviy hisobotni e’lon qilishlari kerak bo‘ladi. Ammo, katta ehtimol bilan bu hammasi emas. Ushbu talablar shunchaki “xamir uchidan patir” bo‘lishi mumkin. Sababi, bunday mazmundagi avtoritar tabiatga xos bo‘lgan qonun loyihalari qabul qilingan Rossiya Federatsiyasida mustaqil ommaviy axborot vositalarining taqdiri qanday yakun topgani barchaga ma’lum.
Keng ko‘lamdagi qarshiliklarga qaramay, Gruziyadagi hukmron partiya bu loyihani yana qayta jonlantirishga erishdi. Xususan, joriy yil aprel oyining ikkinchi yarmida bir necha kunlik parlament ichidagi va keng jamoatchilik orasidagi noroziliklarga qaramay, Gruziya parlamenti “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. 1 may kunida bo‘lib o‘tgan ikkinchi o‘qishda ham vaziyat o‘zgarmadi. Birinchi o‘qishda bo‘lgani kabi, hujjatni 150 nafar deputatdan 83 nafari qo‘llab-quvvatladi. Bu orada minglab odamlar parlament binosi oldidagi maydonda to‘planib, qonun loyihasining qabul qilinishiga norozilik bildirishganiga qaramay, xalq tomonidan saylangan xalq xizmatchilari ularning e’tiroz va qarshiliklarini nazardan chetda qoldirdi.
Va nihoyat, jarayonga rasman yakun yasab bergan so‘nggi uchinchi ovoz berishda Bosh vazir Irakliy Kobaxidze muvaffaqiyatga erishdi va global integratsion talabga javob bera olmaydigan ushbu hujjatni parlamentdan o‘tkazdi. 150 o‘rinli qonun chiqaruvchi organda 84 deputat qonunni yoqlab, ovoz bergandan so‘ng qonun loyihasi salkam pishib yetildi. Chunki Prezident bu hujjatga qarshi veto qo‘yish vakolatiga ega bo‘lsa-da, endi bu deyarli hech nimani anglatmasdi. Negaki, qoidaga ko‘ra, mazkur yetarli darajada to‘plangan ovozlar bilan parlament Prezidentning vetosini hech qanday to‘siqlarsiz bekor qila oladi.
Bunday qonunning kuchga kirishiga mutlaqo qarshi bo‘lgan Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili esa qonun qabul qilinsa, veto qo‘yishga va’da berib, “chiqmagan jondan umid” qabilida o‘z va’dasiga sodiq qoldi. U 18 may kuni Gruziya parlamentida uchinchi o‘qishda qabul qilingan “Chet el ta’sirining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunga veto qo‘ydi. Bu jarayon tashqi kuchlarning ham keskin reaksiyasiga sabab bo‘ldi. AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning Gruziya chet el agentlari haqidagi qonunni qabul qilgudek bo‘lsa, AQSH va Yevropa Ittifoqi mamlakatga sanksiya kiritishi haqidagi ogohlantirish bilan chiqdi. Biroq “Xalq kuchi” partiyasi a’zosi Sozar Subari buni shunchaki “quruq gap” deb atab, G‘arb tomonga keskin javob qaytardi. U bu qonunning maqsadi, Gruziya hukumatini tashqi xurujlardan himoya qilish ekanligi va AQSH chetdan moliyalashtiriladigan nodavlat tashkilotlar va siyosiy partiyalar qo‘li orqali mamlakatni itoatkor boshqaruvga qaytarishga urinayotganini ta’kidladi. Shu vaqtda Yevropa Ittifoqi ham Gruziyadagi hukmron elitaga qarshi frontga qo‘shildi. Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Gruziyaning “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunining mazmuni Yevropa Ittifoqi normalari va qadriyatlariga mos kelmasligini bildirdi.
Prezident va Bosh vazir qarama-qarshiligi. Hokimiyat kimning yo‘rig‘ida?
Yuqorida juda ko‘p bora ta’kidlaganimizdek, Prezident Zurabishvili qonun loyihasiga veto qo‘ydi, ammo bu juda oz narsani anglatardi. Chunki Gruziya hozirda parlamentar respublika va bunday turdagi boshqaruv shaklida Prezidentning vakolatlari amalda anchagina cheklangan bo‘lib, bu muhitda haqiqiy hokimiyat Bosh vazirga tegishlidir. Prezident va hukumat esa bu masalada bir-biridan keskin farq qiluvchi ikki xil pozitsiyada turdi. Zurabishvili o‘z intervyularida qonun loyihasini Rossiyada shu masalada qabul qilingan hujjatning “aniq nusxasi” deb atadi. Bu masala bo‘yicha nafaqat Zurabishvili, balki G‘arb dunyosining juda ko‘plab rasmiylari ham shunday fikrda edi. Ularning qarashlarini umumlashtirib turuvchi nuqta esa, agarda mazkur qonun kuchga kirsa, bu mustaqil matbuot va fuqarolik jamiyati uchun og‘ir davrlarni boshlab beradi. Yevropa ittifoqiga kirishga harakat qilayotgan davlat esa o‘zining bu harakati bilan qit’a eshiklarini o‘z qo‘li bilan yopadi.
Prezident Zurabishvili CNN bilan suhbatda hali ham imkoniyat borligi, chunki 2024 yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlar aholiga qonunni “bekor qilish” uchun ayni muddao ekanini aytgandi. Darhaqiqat, Salome Zurabishvilining bu gapida bir qadar jon bor edi. “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” partiyasi o‘zining bu harakatlarini aynan parlament saylovlari yilida amalga oshirib, katta tavakkalchilikka qo‘l urayotgandi. Qonun oktyabr oyida o‘tadigan parlament saylovidan atigi 6 oy oldin qabul qilindi. Bu vaqt esa keng jamoatchilikning rasmiylarga nisbatan vujudga kelgan g‘azab va nafratining so‘nishi uchun juda ozlik qilardi. Qonun loyihasi qabul qilinishidan bir oy oldin Tbilisida bir qancha ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Shunday norozilik namoyishlaridan birida 50 mingga yaqin odam poytaxt ko‘chalariga chiqib, “Rossiya qonuni” deb atalayotgan loyihaga nisbatan o‘zining jiddiy noroziligini bildirdi. O‘sha paytda norozilikning asosiy o‘chog‘i faqat poytaxt Tbilisi bo‘lsa-da, keyinchalik mazkur qarshiliklarning shamoli Gruziyaning boshqa qismlarida esmasligiga hech kim kafolat bera olmasdi. Ayniqsa, bu kayfiyat saylov payti yanada avj olib, ovoz berish jarayoniga o‘zining sezilarli ta’sirini o‘tkazish xavfi ham bor bo‘lib, “Gruziya orzusi” partiyasini aynan shu masala jiddiy xavotirlantirishi lozim edi. Chunki ularga qarshi muxolifat ampulasidan joy olgan Prezident Salome Zurabishvili aynan shu haqdagi rejasini ochiqladi.
“Biz jamiyatning ushbu safarbarligidan va siyosiy partiyalarning birlashuvidan foydalanib, ushbu saylovlarda g‘alaba qozonishimiz kerak, chunki bu Yevropa usuli”, dedi u.
Muxolifat jamoatchilikning faol qatlamidan foydalanishi oldindan taxmin qilingan jarayon edi. Aslida bundan boshqa yo‘l ham mavjud emasdi. Ular allaqachon masalaning yuridik tomonini boy bergan, parlamentdagi ustunlik to‘laqonli hukmron partiya qo‘lida edi. Odatda, parlamentar respublikada biron maqsadga erishish uchun shuning o‘zi yetarli hisoblanadi. Shunday ekan, bu holatda Prezident va u bilan bir yo‘lakka tushib olgan muxolifatning ushbu masaladagi imkoniyatlari oktyabr oyigacha juda past edi.
“Gruziya orzusi” va muxolifat partiyalarning haqiqatlari
Gruziya iqtidoridagi “Gruziya orzusi” partiyasi ushbu qonun loyihasi shaffoflik va milliy suverenitetni qo‘llab-quvvatlashini tinimsiz ta’kidlab, G‘arbning ushbu qonunga qarshi qaratilgan tanqidlariga o‘ta jiddiy ritorikada javob qaytarib keldi.
“Chet el ta’sirining shaffofligi to‘g‘risida”gi qonunning asosiy ijodkorlari hisoblanadigan “Gruziya orzusi” partiyasi tomonidan o‘rtaga tashlangan ustuvor masala xavfsizlik ekanligini qonunning mazmun-mohiyatidan anglash qiyin emas. Bugungi kunda Gruziyada iqtidorda turgan shaxslar xavfsizlik so‘zi ortida aniq bir jarayonni nazarda tutayotgan bo‘lishi mumkin. Bu – “rangli inqilob” yarasidir. To‘g‘ri, yaqin o‘tmishda gruzin siyosiy hayotida sodir bo‘lgan “rangli inqilob” mamlakat uchun keng ko‘lamdagi ijobiy o‘zgarishlarni taqdim etdi, biroq har safar bu turdagi inqilob sodir bo‘lar ekan, jamoatchilik orasida inqilob bilan kelgan yangi hukumatning “mustaqil” ekanligiga shubha tug‘ilaveradi. Ustiga-ustak bu hodisa “rangli inqilob”lar otasi Jorj Sorosning tiriklik paytida sodir bo‘lishi shubha va gumonlarni yanada kuchaytiradi. Gruziyaning amaldagi hukumati aynan shunday ssenariy sodir bo‘lishi va ushbu inqiloblarni dastaklovchi tashqi moliyaviy donorlardan xavotirda. Chunki Gruziya rangli inqiloblar tarixining eng oldingi sahifalaridan joy olgan mamlakat hisoblanadi. To‘g‘ri, bugun Soros yer yuzida qanday ta’sirga ega ekani borasida aniq bir xulosaga kelish mushkul, biroq unga o‘xshagan yangi “qo‘g‘irchoqbozlar”ning yana bo‘y ko‘rsatmasligiga hech kim kafolat bermaydi.
Ammo muxolifatning ham bu borada o‘z xavotirlari va shu xavotirga sabab bo‘luvchi o‘ziga yarasha asoslari mavjud. Yangi davr tarixidagi hozircha dunyoning eng jozibador ittifoq modeli bo‘lib kelayotgan Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish o‘zi bilan bir qator istiqbollarni yetaklashi mumkin. Gruziya Prezidenti va uning hamfikrlari bugun og‘zi oshga yetay deganda bayramning bekor bo‘lishidan jiddiy xavotirda. Sababi “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun Yevropa qadriyatlariga mutlaqo zid va buni ittifoqning siyosiy va huquqiy madaniyati umuman qabul qilmaydi. Bu esa Gruziyaning ittifoqqa kirish jarayonini deyarli to‘xtab qolishini anglatardi.
G‘arbning keskin reaksiyasi
28 may kuni Gruziya parlamenti “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunga qarshi qo‘ygan vetosini bekor qildi. 3 iyunda esa parlament raisi Shalva Papuashvili mazkur hujjatni imzoladi. Bundan tashqari, mazkur qonunga muvofiq tashkilotlarning reyestrda ro‘yxatdan o‘tishdan bosh tortishi ularning mol-mulki olib qo‘yilishi va faoliyati tugatilishiga olib kelishi haqida ogohlantirish berildi. Shu lahzadan boshlab, kollektiv G‘arb Gruziyani o‘zidan itara boshladi. Xususan, 20 iyun kuni “Interpress” axborot agentligi Yevropa Ittifoqining mamlakatdagi elchisi Pavel Gerchinskiyga tayanib, Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga kirish jarayoni “Xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonun tufayli to‘xtatilgani haqida xabar berdi. Gerchinskiy ushbu qonunning qabul qilinishi oqibatida Gruziya va YeI o‘rtasidagi munosabatlarda juda qiyin davr boshlanganligi va mamlakatning ittifoqqa integratsiyalashuvini muzlatib qo‘yganini ma’lum qildi. Bungacha Gruziya 2023 yilning dekabr oyida YeIga kirish uchun nomzod maqomiga ega bo‘lgan, biroq ittifoq rasmiylari Kavkazorti davlati qo‘shilishdan oldin bajarishi kerak bo‘lgan ba’zi muhim islohotlarni amalga oshirishni kechiktirayotganligini aytgandi. Joriy yil iyun oyiga kelib esa Gruziyaning nomzod maqomi ham deyarli yo‘qqa chiqdi. Yevropa Ittifoqining Bosh diplomati Jozep Borrel amaldagi hukumat o‘zining mazkur siyosatini o‘zgartirmasa, YeI Gruziya uchun barcha “eshiklarni yopishi”ni ma’lum qildi. Yoz o‘rtasiga kelib, YeIning Gruziyadagi elchisi Pavel Gerchinskiy ittifoq rahbariyati Gruziyaning tashkilotga a’zo bo‘lish jarayonini to‘xtatishga qaror qilganini e’lon qildi. G‘arb Gruziya bilan boshlagan ko‘plab loyiha va rejalarini birin-ketin bekor qila boshladi. Jumladan, AQSH Mudofaa vazirligi 5 iyul kuni strategik munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish munosabati bilan 2024 yil yozida rejalashtirilgan “Noble Partner 2024” nomli Gruziya-Amerika harbiy mashg‘ulotlarini noma’lum muddatga qoldirilganini ma’lum qildi. Xuddi shu sababga ko‘ra, YeI Gruziya Mudofaa vazirligiga ajratilishi rejalashtirilgan 30 million yevroni ham muzlatib qo‘ydi. Oktyabr oyiga kelib, Tbilisi va Bryussel o‘rtasida bir necha oylardan buyon umuman aloqa qilinmagani va Gruziya rahbariyati Yevropa Ittifoqi bilan do‘stona munosabatda bo‘lmagani uchun ikki o‘rtadagi yuqori darajali uchrashuvlar rasman to‘xtatildi.
“Xorijiy agentlar” qonun loyihasi Rossiya yoki G‘arb tanlovi o‘rtasidagi Gruziyaning qarorimi?
Qonunning qabul qilinishi o‘z-o‘zidan o‘rinli bir savol tug‘diradi: Gruziyaning kelajagi kimga bog‘liq? Ancha yillar oldin mamlakat hududining naqd 10 foizini tortib olgan va bu ishni tarixda ham, hozir ham qo‘shnilariga nisbatan amalga oshirib kelayotgan Rossiya bilanmi?
So‘nggi yillarda postsovet hududidagi davlatlarning ko‘pchiligi o‘z vektorini tanlab ulgurdi. Bu tanlov bahsida Rossiya allaqachon kollektiv G‘arbga imkoniyatni boy berdi. Boltiqbo‘yi va Kavkazorti o‘z yo‘nalishini Rossiyaning istaklar doirasidan tashqariga olib o‘tishga ulgurishgan. Ammo ko‘pchilik bugun Gruziyada qabul qilinayotgan “xorijiy agentlar” masalasidagi qonun hujjatini hukumatning Kremlga nisbatan xayrixoh ekanligining ishorasi sifatida ko‘rmoqda. Buning eng asosiy sababi, yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, Rossiyada ham shunday mazmundagi qonun loyihasi mavjudligi va bu Federatsiyada so‘z erkinligi va ommaviy axborot vositalarining harakatlarini bo‘g‘ib tashlaganidir. Bundan tashqari, ko‘pchilik gruzinlar 2008 yilda Gruziyaga bostirib kirgan va uning xalqaro tan olingan hududining kattagina qismini noqonuniy egallab olgan Kremlga nisbatan qattiq adovatda. So‘rovlar ham buni tasdiqlagan holda, gruziyaliklarning 80 foizga yaqini Kreml orbitasiga tushib qolishdan ko‘ra Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish tarafdori ekanini ochiqlaydi.
“Gruziya orzusi” partiyasi esa mazkur mashmashalar va yana boshqa bir qancha omillar tufayli uzoq vaqtdan beri rossiyaparast partiya sifatida talqin qilinadi. Ayniqsa, partiya asoschisi Bidzina Ivanishvili boyligining katta qismini Sovet Ittifoqi va uning siyosiy vorisi Rossiyada orttirganligi bu ayblovni yanada jonlantiradi. So‘zimiz boshida tilga olingan Ivanishviliga to‘xtalib o‘tish bu boradagi fikrlarni bir qadar tartibga solishimizga yordam beradi. Bidzina Ivanishvili milliarder va sobiq siyosatchi hisoblanadi. O‘z vaqtida Bidzinaning boyligi Gruziyaning butun boshli byudjetidan ham ko‘p bo‘lgani e’tirof etiladi. U 2011 yildan siyosat bilan faol shug‘ullanishni boshlagan. U “Gruziya orzusi” partiyasining asoschisi hisoblanadi. 2012 va 2013 yillar oralig‘ida hukumatni boshqargan Ivanishvili faoliyati davomida o‘zining siyosiy vorisi sifatida hozirgi Gruziyaning Bosh vaziri Irakliy Garibashvilini tanladi. O‘zi esa 2021 yilda partiya raisligidan ham, partiyadan ham chiqqanini e’lon qildi. Biroq mazkur holat uning siyosatni to‘laligicha tark etganini anglatmaydi va bugun Ivanishvili Gruziyada uning ulkan ta’sirga ega. Bidzina ayni damda “Forbes” talqiniga ko‘ra, dunyoning eng boy 600 milliarderlari qatoridan o‘rin olgan. Uning umumiy kapitali taxminan 6-7 milliard dollar atrofida. Ivanishvili va u tomonidan asos solingan partiya rossiyaparast qonun loyihasini qo‘llayotgani va uning o‘zi boyligining katta qismini Rossiyada orttirgani Gruziyaning amaldagi hukumati Kreml tomonga og‘ishmoqda degan tasavvurlarning paydo bo‘lishiga yo‘l ochadi.
Gruziyada hech narsa o‘zgarmadi
Uzoq davom etgan keskinlikdan so‘ng, Gruziya parlament saylovlariga yetib keldi. Saylovga bir hafta qolganda 20 oktyabr kuni Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida namoyishlar yana qayta jonlanib, unda Prezident Salome Zurabishvili ham qatnashdi. Zurabishvili parlament saylovlarida fuqarolar mamlakatning Yevropa kelajagi uchun ovoz berishiga ishonch bildirgan holda o‘zining so‘nggi imkoniyatlarini ishga solishga urindi. 26 oktyabrda esa uzoq kutilgan kun ham keldi. Shu kuni Gruziyada parlament saylovlarida ovoz berish boshlandi. Saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 08:00 da ochildi. Parlamentdagi 150 nafar deputat nomini aniqlovchi mazkur jarayonda mamlakatning 3 yarim milliondan ortiq fuqarosi ovoz berish huquqiga ega edi. Ammo Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, parlament saylovlarida saylovchilarning bor yo‘g‘i 58,9 foizi, ya’ni 2 millionigina qatnashdi. Hammasi bo‘lib 18 ta partiya, jumladan 4 ta saylov bloki 5 foizlik saylov chegarasidan o‘tish uchun kurashdi. Qoidaga ko‘ra, saylov natijalaridan keyin parlamentda 76 o‘rin olgan siyosiy partiya yoki blok yakka tartibda hukumat tuzishi mumkin edi.
Dastlab turli xil tarafkash manbalar o‘zlarining exit-poll natijalarini e’lon qildi. Jumladan, hukumatga yaqin, “Gruziya orzusi” partiyasining asoschisi Bidzina Ivanishviliga tegishli bo‘lgan “Imedi” telekanali tomonidan e’lon qilingan so‘rov natijalarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, “Gruziya orzusi” partiyasi 56,1 foiz, parlamentga kirish uchun 5 foizlik chegaradan o‘tgan uchta muxolifat bloki esa 31,2 foiz ovoz to‘plagandi. Ammo muxolifatchi “Mtavari” kanali tomonidan e’lon qilingan so‘rovda turli natijalarda mutlaqo boshqa raqamlar aks etdi. Kanal “Gruziya orzusi” bu yilgi saylovda 42%, muxolifat esa 48% ovoz to‘plaganini e’lon qildi. “Formula” telekanali esa muxolifatning g‘alaba qilganlik ehtimoli yanada kattaligiga ishora qilgan holda, saylovchilarning atigi 40,9 foizi “ Gruziya orzusi”ga, 51,9 foizi esa muxolifat bloklariga ovoz bergani haqida ma’lumot berdi. Albatta, bular, rasmiy natijalar emas, balki so‘rovnomalarning hosilasi edi xolos. Shunga qaramay “Gruziya orzusi” partiyasi asoschisi Bidzina Ivanishvili ham muxolifatni qo‘llab-quvvatlovchi Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili rasmiy hisob-kitoblardan ilgari o‘zlarini g‘olib deb e’lon qildi.
Ammo bir kun o‘tib, 27 oktyabrda ovozlar hisoblab chiqilgach, Gruziya Markaziy saylov komissiyasi mamlakatda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida rasman qaysi tomon g‘olib bo‘lgani e’lon qilindi. Unga ko‘ra, 12 yillik hukmron partiya - “Gruziya orzusi” jami 54,08% ovoz yig‘ib, 89 ta deputatlik o‘rnini qo‘lga kiritgan holda, g‘alaba qozondi. Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, parlamentga to‘rtta asosiy muxolifat bloki ham kiradi – “O‘zgarishlar koalitsiyasi” (10,9 foiz), “Birlashgan milliy harakat” (10,12 foiz), “Kuchli Gruziya” (8,72 foiz) va “Gruziya uchun” (7,76%). Qolgan partiyalar besh foizlik chegaradan o‘ta olmadi. Ammo kutilganidek, ziddiyat bu bilan yakunlanib qolmadi. Muxolifat partiyalar parlament saylovlari natijalarini tan olishdan bosh tortdi. “Birlashgan milliy harakat” partiyasi rahbari Tinatin Bokuchava hukmron partiyani “saylovlarni o‘g‘irlashda” aybladi. Bundan tashqari, 5 foizlik chegaradan o‘tgan muxolifat partiyalari yangi parlamentda ishlashdan bosh tortdi va ichki muzokaralardan so‘ng norozilik namoyishlarini e’lon qildi. AQSH Gruziyadagi parlament saylovlarida aniqlangan qonunbuzarliklar va saylov jarayoniga da’vo qilingan aralashishlarni tergov qilishga chaqirdi. Gruziya poytaxti Tbilisidagi parlament binosi oldida saylov natijalariga qarshi miting boshlandi. Aksiya mamlakat Prezidenti Salome Zurabishvilining chaqirig‘i bilan tashkil etildi. Namoyishchilar qo‘llarida Gruziya va Yevropa Ittifoqi bayroqlari, shuningdek, bannerlar ko‘tarmoqda. Namoyishchilar Rustaveli xiyobonida to‘planib, maydon bo‘ylab mashinalar harakatini to‘sib qo‘yishdi. Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili ham o‘z murojaatida barchani mitingga chaqirdi. Ommaviy norozilik ortidan Gruziya Markaziy saylov komissiyasi parlament saylovlari bo‘yicha ma’lumotlarini qayta tekshirish maqsadida har bir saylov okrugida beshta saylov uchastkasining byulletenlarini qayta sanash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Ammo mazkur qayta hisoblash jarayoni hukumatni shakllantirish uchun belgilangan o‘rinlardan 13 ta ko‘p deputatlik o‘rniga ega bo‘lgan “Gruziya orzusi” partiyasining mavqeiga zarar yetkazishi dargumon.
Shu asnoda Putin uchun ko‘p yillar davomida jiddiy bosh og‘riq bo‘lgan sobiq prezident va ayni damdagi mahbus Mixail Saakashvilini ag‘dargan va keyinchalik bandi qilgan oligarx Bidzina Ivanishvilining partiyasi yana hukumat tepasida qoladigan bo‘ldi. Bu bugun Gruziyaga 2008 yili qo‘shin kiritib, uning ikki hududini okkupatsiya qilgan Putin bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatish orqali 2030 yilgacha Abxaziya va Janubiy Osetiyani Rossiyadan qaytarib olishga harakat qilayotgan va shu yili Yevropa Ittifoqiga ham bir yo‘la qo‘shilishni xayol qilayotgan “Gruziya orzusi” partiyasidir.
LiveBarchasi