AQSH o‘rniga YeI “Ozodlik radiosi”ni moliyalashtirishi mumkin
Olam
−
17 mart
3457Yevropa Ittifoqi (YeI) AQSH Global media agentligi (USAGM) tomonidan nazorat qilinadigan “Ozodlik radiosi”ni moliyalashtirishni o‘z zimmasiga olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda bugun, 17 mart kuni YeIning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas Bryusselda Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirliari yig‘ilishidan keyingi matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bir qancha Yevropa vakillari “Ozodlik radio”sini saqlab qolish uchun harakat qilishi kerak.
“Biz mablag‘ ajratib, AQSH mablag‘lari o‘rnini to‘ldira olamizmi? Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari buni muhokama qilishimizni va yechim topishni talab qilishdi”, dedi u.
Diplomatning ta’kidlashicha, mintaqaviy hamdo‘stlik “Ozodlik radiosi”ga yordam uchun pul ajratishni “avtomatik ravishda” boshlashi mumkin emas. Sababi shunga o‘xshash iltimos bilan Bryusselga ko‘plab boshqa tashkilotlar murojaat qilmoqda.
Kallasning ta’kidlashicha, ushbu ommaviy axborot vositalari “demokratiya mayog‘i”dir. Shuningdek, u AQSH hukumati unga sarmoya kiritishni to‘xtatganidan afsusda ekanini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 16 mart kunidan boshlab “Amerika ovozi” va “Ozodlik radiosi” o‘z faoliyatini to‘xtatgani xabar qilingandi. “Amerika ovozi” vakillari 1,3 mingdan ortiq jurnalist, prodyuser va radio xodimlari ta’tilga chiqarilgani haqida elektron xat olgan. Ushbu yopilish 15 mart kuni Donald Tramp “Ozodlik radiosi” va “Amerika ovozi” nashrlari, shuningdek, yana olti federal agentlik faoliyatini nazorat qiladigan AQSH Global media agentligini (USAGM) tugatish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandan so‘ng yuzaga kelgan.
LiveBarchasi
20 mart
Temu O‘zbekistonda bloklandi.
20 mart