AQSHda tornado qurbonlari soni ortdi
Olam
−
18 mart
2182Joriy yilning 14 mart kuni AQSHning O‘rta, G‘arbiy va Janubiy hududlarida sodir bo‘lgan kuchli tornadolar oqibatida kamida 40 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘tgan hafta oxirida mamlakatda 75 ga yaqin tornado qayd etilgan. Eng ko‘p Alabama, Arkanzas, Oklaxoma, Texas, Missuri va Missisipi shtatlari jabr ko‘rgan. Xususan, Missuri shtatida 12 kishi halok bo‘lgan. Texas va Kanzas shtatlarida esa kuchli shamollar chang bo‘ronlarini keltirib chiqardi. Oqibatda yo‘l-transport hodisalari yuz berib, o‘nlab odam halok bo‘ldi.
AQSHning 100 milliondan ortiq aholisi yashaydigan hududini qamrab olgan bu ekstremal ob-havo sharoiti Oklaxoma shtatida 150 ga yaqin halokatli o‘rmon yong‘inlarini keltirib chiqardi. Halok bo‘lganlar Arkanzas, Alabama va Missisipi shtatlarida ham qayd etilgan.
Texas, Luiziana, Alabama, Arkanzas, Tennessi, Missisipi, Jorjiya, Kentukki va Shimoliy Karolina shtatlari suv toshqinlari bo‘yicha ogohlantirish olgan.
16 mart kuni oqshomda hudud bo‘ylab 320 ming odam elektr ta’minotisiz qolgan. Jumladan, ularning 57 mingdan ortig‘i Pensilvaniyada va 25 mingdan ortig‘i Missurida.
Arkanzas, Jorjiya va Oklaxomada favqulodda holat e’lon qilingan. Missuri gubernatori Mayk Kixo: “Shtat bo‘ylab vayronagarchilik mislsiz darajada”, deya ta’kidlagan.
Midvest shtati Batler okrugida bir odamning uyi butunlay vayron bo‘lib, uning yashash joyi tanib bo‘lmaydigan holatga kelgan.
“Faqat vayronalar qoldi. Pol teskari holatda yotardi. Biz devorlar ustida yurar edik”, deydi uy egasi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHga kuchli tornado kirib kelishi ortidan 32 kishi halok bo‘lgani haqida ma’lum qilingandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampga ta’ziya maktubi yo‘llab, vafot etganlarning yaqinlariga sabr-toqat va bardamlik, jarohat olganlar tez fursatda shifo topishini tilagandi.
LiveBarchasi