Gruziyadagi namoyishlarda 100 dan ortiq odam qo‘lga olindi. O‘nlab politsiyachi jarohatlandi

Olam

g6

Gruziya poytaxti Tbilisi shahri markazidagi parlament binosi oldidagi namoyishda politsiya 107 kishini qo‘lga oldi. To‘qnashuvlar oqibatida o‘n nafar politsiya xodimi jarohatlandi. Ulardan biri kuyish jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazildi. Bu haqda Gruziya Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

“Tun bo‘yi namoyishchilar politsiya xodimlariga og‘zaki va jismoniy tajovuzlar uyushtirdi. Rustaveli prospektida huquqni muhofaza qiluvchilar tomon toshlar, pirotexnika, shisha idishlar va temir buyumlar otishdi”, deyiladi bayonotda. 

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishchilar shahar infratuzilmasiga zarar yetkazgan, xususan, barrikadalar qurgan, parlament eshiklari va kuzatuv kameralarini shikastlagan hamda bir necha yong‘in uyushtirgan. Oqibatda ko‘pchilik namoyishchilar politsiya xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik va mayda bezorilik uchun qo‘lga olingan. 

“Tartibni tiklash uchun politsiya maxsus vositalardan foydalandi”, deyiladi xabarda.

“Rustavi2” va “NewsGeorgia” ma’lumotiga ko‘ra, Tbilisida politsiya qalampir gazi, suv purkagichlar va dubinkalardan foydalanmoqda. Ayrim namoyishchilar maxsus texnika harakatini to‘xtatish uchun yerga yotmoqda. Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili esa politsiyadan namoyishchilarga nisbatan kuch ishlatmaslikni so‘ragan.

Tbilisidan tashqari Gori, Telavi, Lagodexi, Kutaisi, Zugdidi va Batumi kabi bir necha shaharlarda ham namoyishlar davom etmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tbilisi va Gruziyaning boshqa shaharlarida Bosh vazir Irakliy Kobaxidze Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni 2028 yilgacha to‘xtatganini e’lon qilganidan keyin stixiyali norozilik namoyishlari boshlangandi. Irakliy Koxabidzening aytishicha, mamlakat keyingi to‘rt yil davomida Yevropa Ittifoqining har qanday byudjet grantlari va kreditlaridan butunlay voz kechadi.

Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili hukmron “Gruziya orzusi” partiyasining muzokaralarni to‘xtatish qarori “bir necha oy avval boshlangan konstitutsiyaviy to‘ntarishning yakuniy nuqtasi bo‘ldi”, deb atadi. U ham namoyishchilar bilan uchrashish uchun maydonga chiqdi.


Maqola muallifi

Teglar

Gruziya namoyish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing