Gruziyada “xorijiy agent” sifatida ro‘yxatdan o‘tishdan bosh tortganlarning mulki musodara qilinadi
Olam
−
03 iyun 2024
4037Gruziyada qabul qilingan “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunga muvofiq tashkilotlarning reyestrda ro‘yxatdan o‘tishdan bosh tortishi ularning mol-mulki olib qo‘yilishi va faoliyati tugatilishiga olib keladi. Bu haqda hukmron “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” partiyasi bosh kotibi, Tbilisi meri Kaxa Kaladze ma’lum qildi.
“Agar tashkilotlar bunga rioya qilmasa, moliyaviy jazolar qo‘llaniladi. Shundan so‘ng, ular ishlay olmaydi yoki mablag‘ ololmaydi. Agar ular haqiqatdan ham yomon niyatda bo‘lmasa, Deklaratsiyani to‘ldirish va moliyaviy hisobotni ko‘rsatishlari lozim”, deydi Kaladze jurnalistlarga.
Bugun, 3 iyun kuni Gruziya parlamenti spikeri Shalva Papuashvili “Xorijiy ta’sirning ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Parlament raisining tushuntirishicha, Adliya vazirligiga zarur normativ hujjatlarni tayyorlash va tashkilotlar uchun elektron portal ochish uchun 60 kun muddat beriladi. Shundan so‘ng hujjat qamrab olingan nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari reyestrda ro‘yxatdan o‘tishi va 2023 yil uchun moliyaviy deklaratsiyani e’lon qilishi shart.
Eslatib o‘tamiz, Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze Gruziya mustaqillik kuniga bag‘ishlangan tadbirda ushbu qonunga qarshilik ko‘rsatgan mamlakat Prezidenti Salome Zurabishvilini xiyonatda ayblagandi.
LiveBarchasi