Gruziyada 70 ming o‘rinli yangi stadion quriladi. Mamlakat 2028 yilgi YeCHL finalini qabul qilmoqchi
Sport
−
22 aprel
2182Gruziya hukumati Tbilisida 70 ming tomoshabinga mo‘ljallangan, Yevropa Chempionlar ligasi (YeCHL) finali darajasidagi o‘yinlarni o‘tkazishga qodir futbol stadioni quradi. Bu haqda Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze ma’lum qildi.
“Biz sportga, aniqrog‘i futbol va regbiga tegishli bo‘lgan muhim mega loyihani e’lon qilmoqchimiz. Ob’ekt 70 ming tomoshabinga mo‘ljallangan stadion bo‘ladi. Bu bizga poytaxtimizda eng yuqori darajadagi o‘yinlarni, jumladan Yevropa Chempionlar ligasi finalini o‘tkazish imkoniyatini beradi”, deydi Kobaxidze.
Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, stadion ingliz modeli bo‘yicha, ya’ni yugurish yo‘laklarisiz quriladi, bu esa tomoshabinlarning futbol maydoniga yaqinroq bo‘lishiga imkon beradi. Stadionni poytaxt chetidagi yangi xalqaro aeroportga tutash hududda qurish rejalashtirilgan bo‘lib, u 2028 yil oxirigacha ilk yo‘lovchilarini qabul qila oladi.
“Biz 2028 yilgi Yevropa Chempionlar ligasi finalini yangi stadionda o‘tkazish uchun ariza beramiz”, deydi Kobaxidze.
Kobaxidze aprel oyi boshida respublika hukumati Tbilisida sezilarli darajada ko‘proq yo‘lovchilarni qabul qila oladigan yangi xalqaro aeroport qurish bo‘yicha yakuniy qarorga kelganini aytdi. U Vaziani shahrida, shahar chekkasida, mavjud xalqaro aeroportdan bir necha kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, yangisi ishga tushirilgandan so‘ng fuqarolik reyslari uchun yopiq bo‘ladi. Qurilish 2029 yilgacha yakunlanishi rejalashtirilgan.
Gruziyadagi eng katta stadion ham Tbilisida joylashgan “Dinamo Arena” bo‘lib, sig‘imi 54 mingdan ortiq tomoshabinga mo‘ljallangan. Ushbu stadion 1936 yilda qurilgan va bir necha marta ta’mirlangan. Aynan shu stadionda odatda milliy futbol va regbi jamoalarining o‘yinlari o‘tkaziladi. Regbi Gruziyadagi ikkinchi eng mashhur jamoaviy sport turi. Shuningdek, Tbilisida Mixail Mesxi nomidagi 27 mingdan ortiq kishini sig‘dira oladigan stadion mavjud.
LiveBarchasi