Gruziya Prezidenti sudda yutqazdi
Olam
−
16 Oktabr 2023
7113Gruziya Konstitutsiyaviy sudi hukmron “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” partiyasining konstitutsiyaviy taqdimnomasini qanoatlantirdi va respublika Prezidenti Salome Zurabishvilini hukumat ruxsatisiz xorijiy tashriflari tufayli konstitutsiyani buzgan deb topdi. Sud qarorini Konstitutsiyaviy sud raisi Merab Turava jonli efirda o‘qib eshittirdi.
“Gruziya Konstitutsiyaviy sudi Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili xonim 2023 yil 31 avgust, 1 sentyabr va 6 sentyabr kunlari xorijga amaliy tashriflar chog‘ida xalqaro munosabatlar sohasida vakillik huquqlari va vakolatlarini Gruziya hukumati roziligisiz amalga oshirgani, bu bilan Gruziya Konstitutsiyasining 52-moddasi 1-qismining “a” bandini buzgan deb hisobladi”, degan Turava.
Gruziya Konstitutsiyaviy sudi plenumining to‘qqiz nafar sudyasidan olti nafari bu qaror uchun ovoz bergan. Hakamlar Irina Imerlishvili, Teymuraz Tugushi va Georgiy Kvenchiladze boshqacha fikrda. Sud raisi Turava esa qaror yakuniy ekani va shikoyat qilinishi mumkin emasligini bildirdi.
Sud qarori parlamentga yuboriladi, shundan so‘ng, prezidentni impichment qilish masalasi ikki hafta ichida yalpi majlisda ovozga qo‘yiladi. Biroq Gruziya parlamenti shu haftaning o‘zida Salome Zurabishviliga impichment e’lon qilish masalasini ovozga qo‘yadi.
“Parlamentda bu masalani ko‘rib chiqish va ovoz berish uchun ikki hafta bor. Joriy hafta sessiya bo‘lishi sababli, ushbu masalani ayni paytda ko‘rib chiqib, ovozga qo‘ysak, to‘g‘ri bo‘lardi”, degan Gruziya qonun chiqaruvchi organi spikeri Shalva Papuashvili parlament byurosi majlisida.
Hukmron “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” partiyasi raisi Irakliy Kobaxidzening aytishicha, Zurabishvili sud qaroridan keyin faqat rasman prezident vazifasini bajaradi.
“Impichment jarayoni qanday tugashidan qat’iy nazar, biz oldimizga qo‘ygan maqsadga erishdik. Salome Zurabishvilining Gruziya Konstitutsiyasini buzishi javobsiz qolmadi. Bu esa boshqaruv tizimining to‘g‘ri ishlashi uchun uzoq muddatli profilaktik ta’sir ko‘rsatadi. Gruziya Konstitutsiyasini buzgan prezidentga kelsak, bugundan boshlab u faqat rasmiy ravishda Gruziya prezidenti sifatida ko‘riladi”, deydi Kobaxidze.
Ma’lumot uchun, joriy yilning avgust oyining oxiri - sentyabr oyining boshida Zurabishvili Berlin, Bryussel va Parijga tashrif buyurgan va u yerda yuqori darajadagi uchrashuvlar o‘tkazgan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Gruziya hukumati unga rozilik bermagan. Shuning uchun hukmron partiya prezidentni konstitutsiyani buzganlikda ayblab, impichment jarayonini boshlagan. Sud 5 oktyabr kuni konstitutsiyaviy taqdimnomani ko‘rib chiqishni yakunlagan. Impichment 150 deputatdan 100 nafari tomonidan qo‘llab-quvvatlansa, nihoyat u amalga oshadi. Hukmron partiya esa parlamentda 84 o‘ringa ega.
LiveBarchasi