Gruziya Prezidenti aholi bilan namoyishda qatnashdi
Olam
−
21 Oktabr
5049Tbilisi markazidagi Ozodlik maydonida aholi tomonidan “Gruziya Yevropa Ittifoqini tanlaydi” nomi ostida bo‘lib o‘tgan namoyishda Gruziya Prezidenti ham ishtirok etdi. Bu haqda “Gruziya Online” nashri xabar berdi.
Kecha, 20 oktyabr kuni Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar orasida Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili ham qatnashgan.
Gruziyadagi bir qancha nashrlarning xabarlariga ko‘ra, Tbilisining markaziy maydoniga minglab qatnashchilar kelgan bo‘lib, ular Gruziya, Yevropa Ittifoqi, muxolifat partiyalari va birlashmalari bayroqlari bilan ishtirok etgan.
Salome Zurabishvili parlament saylovlarida fuqarolar mamlakatning Yevropa kelajagi uchun ovoz berishiga ishonch bildirgan.
Ma’lumot uchun, 26 oktyabr kuni Gruziyada parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. Saylovda 27 ta partiya ro‘yxatga olingan. Ular orasida hozirda hukmronlik qilayotgan “Gruziya orzusi” partiyasi ham bor. Parlamentga kirish uchun partiyalar kamida 5 foiz ovoz olishi kerak. “Gruziya orzusi”ning asosiy raqobatchisi Mixail Saakashvilining “Birlashgan milliy harakat” partiyasi sanaladi.
17 oktyabr kuni Yevropa kengashi Gruziya hukumatini Yevropa qadriyatlari va tamoyillariga zid harakatlar qilishda aybladi, shuningdek, mamlakatning blokka integratsiyalashuvini to‘xtatdi. Bunday qarorga Gruziyada xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi va LGBT targ‘ibotining taqiqlanishi sabab bo‘lgan. Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze Yevropa kengashi qarorini qoralab, uni noxolis deb atadi.
Eslatib o‘tamiz, Yevropa Kengashi Gruziya hukumatining xatti-harakatlari Yevropa qadriyatlari va tamoyillariga zid va shuning uchun mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayoni haqiqatda to‘xtab qolganini aytgandi. Shuningdek, Yevropa Kengashi Gruziyani “Yevropa integratsiyasining asosiy tamoyillariga muvofiq demokratik, keng qamrovli va barqaror islohotlarni” qabul qilishga chaqirgan. Gruziya parlamenti may oyida xorijiy agentlar haqidagi qonunni tasdiqlaganidan so‘ng Gruziyaning G‘arb davlatlari bilan munosabatlari yomonlashgan. Hujjat mamlakatdagi ommaviy noroziliklarga qaramay, parlament a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili Konstitutsiyaviy sud orqali qonunni to‘xtatishga urindi, biroq sud buni rad etgan. Qolaversa, Yevropa Ittifoqi Gruziya bilan vizasiz rejimni to‘xtatish masalasini ko‘rib chiqayotganligi haqida xabar berilgandi.
Avvalroq esa, Yevropa Ittifoqi Gruziya rahbariyati bilan do‘stona munosabatda bo‘lmagani uchun yuqori darajadagi uchrashuvlarni to‘xtatgan. Bu haqda Yevropa Ittifoqining Gruziyadagi elchisi Pavel Gerchinskiy ma’lum qilgandi.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi