Gruziyada parlament saylovi ovozlari qayta hisoblanadi
Olam
−
29 Oktabr
1969Ommaviy norozilik ortidan Gruziya Markaziy saylov komissiyasi parlament saylovlari bo‘yicha ma’lumotlarini qayta tekshirish maqsadida har bir saylov okrugida beshta saylov uchastkasining byulletenlarini qayta sanash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, okrug komissiyalari qur’a tashlash orqali qayta sanoqdan o‘tkaziladigan uchastkalarni aniqlagan. Hududlarda qayta sanash bugun, 29 oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:00 da, Tbilisida esa soat 17:00 da boshlanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 26 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi 53 foiz ovoz to‘plagan, bu esa partiyaga hukumatni yakkaxon shakllantirish imkonini beradi. G‘arbparast muxolifat ittifoqi esa 37,58 foiz ovoz olgan. 5 foizlik chegaradan o‘tgan muxolif siyosiy kuchlar yangi parlamentda ishlashdan bosh tortdi va ichki muzokaralardan so‘ng norozilik namoyishlarini e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gruziya poytaxti Tbilisidagi parlament binosi oldida saylov natijalariga qarshi miting boshlangani xabar qilingan edi. Aksiya mamlakat Prezidenti Salome Zurabishvilining chaqirig‘i bilan tashkil etilgan. Namoyishchilar qo‘llarida Gruziya va Yevropa Ittifoqi bayroqlari, shuningdek, bannerlar ko‘targan. Namoyishchilar Rustaveli xiyobonida to‘planib, u bo‘ylab mashinalar harakatini to‘sib qo‘ygan.
LiveBarchasi