Gruziya 2030 yilda Abxaziya va Janubiy Osetiyani qaytarishni reja qilmoqda
Olam
−
27 may
6731Gruziya 2030 yilda Abxaziya va Janubiy Osetiyani o‘z tarkibiga qaytarmoqchi va Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmoqchi. Bu haqda Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze bayonot berdi.
"Biz gruziyaliklarning orzusi – 2030 yilgacha abxaz va osetin birodarlarimiz bilan birlashgan va kuchli Gruziyada yashash. Birlashgan va kuchli Gruziya 2030 yilda Yevropa oilasining to‘laqonli a’zosiga aylanishi kerak", deb yozdi Kobaxidze X'dagi sahifasida.
Bosh vazir mamlakat ichida va xorijda istiqomat qilayotgan Gruziya fuqarolarini Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.
Kobaxidze avvalroq mamlakat 2030 yilda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga boshqa nomzod davlatlarga qaraganda ko‘proq tayyor bo‘lishini aytgan edi. Shu bilan birga, Gruziyadagi "xorijiy agentlar" to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi bilan bog‘liq oxirgi voqealardan so‘ng, Yevropa rasmiylari mamlakat demokratik yo‘ldan og‘ishsa, Yevropa Ittifoqiga integratsiyalashuv to‘xtatilishi haqida gapira boshladi.
2023 yil avgust oyida Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel Yevropa Ittifoqi 2030 yilgacha G‘arbiy Bolqon tomon kengayishga tayyor bo‘lishi kerakligini aytgandi. Siyosatchi Yevropa Ittifoqining navbatdagi ko‘p yillik byudjeti (2027 yildan keyin) hamjamiyatning kengayishini hisobga olgan holda tuzilishi kerakligini ta’kidladi. 2023 yil dekabrida Yevropa Ittifoqi Gruziyaga a’zolik nomzodi maqomini berdi va Yevropa Ittifoqiga kirish bo‘yicha muzokaralarni boshlash uchun to‘qqiz qadamni belgilab berdi.
O‘tgan avgust oyida AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Albaniya, Yaponiya va Malta qo‘shma bayonotda Moskvani Janubiy Osetiya va Abxaziyani Tbilisiga “qaytarib” berishga chaqirgan edi. Ularning ta’kidlashicha, 2008 yil avgustida Rossiyaning Gruziyaga bostirib kirishi Kremlning qo‘shni davlatlarga nisbatan siyosatida “ko‘proq tajovuzkorlik tendensiyasini ko‘rsatdi”, bu hozir Ukrainada kuzatilmoqda.
LiveBarchasi