Gretsiyadagi aviahalokat: qulagan Ukraina samolyotida xavfli biologik va kimyoviy moddalar bormidi?
Olam
−
18 iyul 2022
9761Joriy yilning 16 iyul kuni kechqurun Gretsiya shimolida, Pangeo viloyatining Kavala shahri yaqinida qulagan Ukrainaning An-12 samolyoti qulagan joyda xavfli moddalar topilmadi. Bu haqda Pangeo shahri meri Filippos Anastasiadis ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, halokatga uchragan samolyot atrofida dronlar tomonidan aniqlangan, kelib chiqishi noma’lum oq modda “tashvish uyg‘otmaydi”.
“Bu aholi salomatligi uchun xavfli radioaktiv yoki biologik material emas. Bu Afinadan kelgan Gretsiya Milliy Mudofaa vazirligining maxsus fanlararo yadroviy, biologik va kimyoviy mudofaa guruhi a’zolari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvning xulosasi va bu bizga ekipajning sakkiz nafar halok bo‘lgan a’zolari jasadlarini yig‘ishni davom ettirishga imkon beradi”, degan Anastasiadis.
Hokimning ta’kidlashicha, tabiiy ofatlarga qarshi kurash bo‘yicha maxsus bo‘linma xodimlari allaqachon voqea joyida ishlashni boshlagan va halok bo‘lganlar jasadlarini yig‘ish uchun harakat qilmoqda.
Qayd etilishicha, ayni paytda portlovchi moddalar bo‘yicha mutaxassislar guruhlari vayronalardan ancha uzoqqa tushgan o‘q-dorilarni topish kabi murakkab vazifani bajarishda davom etmoqda.
“Yaqin kunlarda mutaxassislarning minalarni tozalash bo‘yicha ishlari davom ettiriladi va shu sababli Antifilippi va Paleoxori aholi punktlari atrofida qishloqlarda transport vositalari va piyodalar harakatiga qo‘yilgan taqiq bekor qilinmaydi”, degan mer.
U, shuningdek, Davlat energetika korporatsiyasi va Pangeo munitsipaliteti texnik guruhlari elektr ta’minotini tiklash ishlarini davom ettirayotganini, chunki Antifilippi, Xortokopi va Paleoxori aholi punktlarining bir qismi shanba kuni kechqurundan beri elektr ta’minotisiz qolgani va ushbu punktlarning suv ta’minotiida muammolar mavjudligini aytdi.
O‘z navbatida, o‘t o‘chirish brigadasi matbuot xizmati vakili Yannis Artopios An-12 halokati bilan bog‘liq navbatdan tashqari brifingda tergov natijalariga ko‘ra, halokat joyida hech qanday xavfli materiallar topilmaganini tasdiqladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina kompaniyasiga tegishli samolyot 16 iyul kuni Serbiya-Iordaniya-Bangladesh yo‘nalishi bo‘yicha tijoriy transport parvozini amalga oshirgan. To‘rt dvigateldan birida nosozlik yuz bergach, uchuvchi darhol Kavala aeroportiga favqulodda qo‘nishga ruxsat olgan.
Afon yarim orolining oxirida samolyot qo‘nish uchun 180 gradusli burilish qilgan, biroq yonayotgan dvigatel tufayli balandlikni yo‘qota boshlagan. Taxminlarga ko‘ra, u pastlayotganda elektr tarmog‘iga ulangan, buning natijasida butun hudud elektrsiz qolgan. An-12 Kavala aeroportidan 40 km uzoqlikda qulagan.
Serbiya Mudofaa vaziri Neboysha Stefanovich An-12 samolyotida Bangladesh Respublikasiga mo‘ljallangan 11,5 tonna o‘q-dorilar borligini ma’lum qilgan.
Serbiya rasmiylari va samolyotga egalik qilgan Ukrainaning Meridian Air Cargo kompaniyasi Ukrainadan kelgan sakkiz nafar ekipaj a’zosining hammasi halok bo‘lganini tasdiqladi.
LiveBarchasi