Greta Tunberg Isroilda qanday qiynalganini aytib berdi

Olam

image

Shvetsiyalik ekologik faol Greta Tunbergning aytishicha, Isroilda hibsda saqlangan paytida u va boshqa faollarga toza ichimlik suvi berishmagan. Shuning uchun ham ularning salomatligi yomonlashgan. Bu haqda Tunberg Isroil armiyasi tomonidan Global Sumud flotiliyasini hujum vaqtida hibsga olingan to‘qqiz nafar shved faoli qatorida Shvetsiyaga qaytgach, kecha, 7 oktyabr kuni bayon qildi.

“Biz Shvetsiya konsulligi vakillariga aytdikki, hibsda bo‘lgan butun vaqt mobaynida toza ichimlik suviga kirish imkonimiz bo‘lmagan. Suv ifloslangan edi va biz kasal bo‘ldik”, dedi faol jurnalistlarga Stokgolmdagi Sergels maydonida o‘tkazilgan brifingda.

Tunbergning so‘zlariga ko‘ra, ifloslangan suv sababli ular Shvetsiya konsulligi vakillaridan yordam so‘rashga majbur bo‘lgan.

“Isroil rasmiylari ko‘z o‘ngimizda ichimlik suvi solingan butilkalarni chiqindilarga tashlab, toza suv haqidagi iltimoslarimizga kuldi. Biz ularga toza ichimlik suviga kirish imkonini olmaguncha ketmaymiz dedik”, deya qo‘shimcha qildi u.

Faol, shuningdek, o‘z shikoyatlarini Shvetsiya konsulligi xodimlariga ham yetkazganini aytdi:

“Men ularga aytdim: “Sizlar ketgach, bizga zo‘ravonlik qiladilar, chunki endilikda hech kim bizga e’tibor bermaydi”. Biroq shved rasmiylari baribir joyni tark etdi”, dedi u.

Tunbergning ta’kidlashicha, Isroil harbiylari tomonidan jismoniy zo‘ravonlik ham qo‘llanilgan.

“Odamlar hushidan ketardi, biz shifokor yoki zarur dori talab qilganimizda esa bizga tahdid qilishardi: “60 kishini tor hujralarga qamaymiz va sizlarni gaz bilan o‘ldiramiz”, deyishardi”, dedi u.

Faol shuningdek, Shvetsiya hukumatini ham tanqid qildi:

“Rostini aytsam, boshqa nima deyishni bilmayman. Biz nima desak ham, bu hukumatlarimizni Isroilga qarshi chora ko‘rishga undamaydi”, dedi Greta Tunberg.

Tunbergning o‘z bayonotida bu haqda to‘g‘ridan to‘g‘ri aytilmagan bo‘lsa-da, Global Sumud flotiliyasi ishtirokchilari orasidagi ba’zi faollar hibs paytida ularni tahqirlash, Isroil bayrog‘ini o‘pishga majburlash kabi holatlar bo‘lganini ta’kidlagan. Bu da’volarni Isroil rasmiylari rad etgan, biroq mustaqil inson huquqlari tashkilotlari hozircha bu holat yuzasidan tekshiruvni tugatmagan. Xalqaro huquq tashkilotlari buni inson qadr-qimmati va siyosiy faollarning huquqlarini buzish sifatida baholamoqda.

Xalqaro “Global Sumud” flotiliyasi

Xalqaro “Global Sumud” flotiliyasi o‘nlab kemalardan iborat bo‘lib, bir necha kundirki G‘azo tomon harakat qilmoqda. Uning bortida katta miqdorda insonparvarlik yordami, jumladan, dori-darmonlar ham bor. Bu flotiliya – hozirgacha Falastin eksklaviga yo‘l olganlar ichidagi eng yirigi hisoblanadi.

“Sumud” so‘zi arab tilidan “matonat”, “soqovlik” yoki “mustaxkam iroda” deb tarjima qilinadi. 1967 yilgi Olti kunlik urushdan keyin bu atama falastinliklar uchun bosim ostidagi qarshilik va omon qolish strategiyasini ifoda etuvchi asosiy tushunchaga aylangan.

“Sumud” falastinliklarning o‘z yerlarini saqlab qolishini, milliy o‘zligini va madaniyatini asrab-avaylashini hamda zo‘ravonliksiz qarshilik shakllaridan – fuqaroviy itoatsizlik va muqobil institutlar yaratish kabi usullardan foydalanishini anglatadi. Falastin ramzshunosligida “Sumud”ni ifodalash uchun an’anaviy ravishda zaytun daraxti va homilador dehqon ayol kabi obrazlar ishlatiladi.

Eslatib o‘tamiz, 1 oktyabr kuni kechqurun Isroil harbiy-dengiz kuchlari G‘azoga gumanitar yordam yetkazish uchun yo‘lga chiqqan “yordam flotiliyasi”ni to‘xtatgandi. Bir nechta kemalar zarar yetkazilmagan holda ushlab qolingan va yo‘lovchilar Isroil portlariga olib borilgan. 3 oktyabr kuni Isroil harbiylari xalqaro “Global Sumud” flotiliyasini hujum orqali to‘xtatib, missiya tarkibidagi oxirgi kemani noqonuniy ravishda egalladi. Greta Tunberg 6 oktyabr kuni turli millatga mansub 70 dan ortiq hibsga olinganlar bilan Isroildan deportatsiya qilindi


Maqola muallifi

Teglar

Greta Tunberg

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing